08:22 / 10.02.2021
10278
Ichki ishlar xodimi formasini kiyib olib, avtomobil kapoti ustida harakatlangan fuqaro 5 sutkaga qamaldi

2021 yil 6 fevral kuni internet tarmog‘ida ichki ishlar organlari xodimi formasida bo‘lgan noma'lum shaxsning avtotransport kapoti ustida harakatlangani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB videolavhani olishda qatnashgan fuqarolarning shaxsi Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan aniqlanganini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 18 yanvar kuni 24 yoshli Abdurahmon Z. tanishi, 24 yoshli Alim K. bilan birga videolavha suratga olish niyatida do‘konlardan biridan ichki ishlar organi xodimi formasini ijaraga olishgan, shuningdek, bozordan yo‘l-patrul xizmati xodimining jyezliga o‘xshash jyezl ham xarid qilishgan. Mazkur shaxslar tanishi, 34 yoshli Otabek K.dan «VAZ-2106» avtomobilini vaqtinchalik foydalanish niyatida olishgan, ammo uni boshqarishga huquqlari bo‘lmagan.  

Shundan so‘ng, Yunusobod tumani Turg‘unboyev ko‘chasi «Iftixor» mahallasida Alim K. ichki ishlar organi xodimi formasini kiygan holda qo‘lida jyezl bilan avtomobil kapotiga yotgan. 

«Shu tarzda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining obro‘ va sha'niga zarar yetkazuvchi videolavha suratga tushirilib, internet tarmog‘ida tarqatilgan», - deyiladi xabarda.

Har ikkala shaxsga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi («Mayda bezorilik») va 209-1-moddasi («Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish») bo‘yicha ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, Abdurahmon Z.ga nisbatan transport vositasini ishonchnomasiz boshqargani uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi («Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi») bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil jarima maydonchasiga joylandi.

2021 yil 8 fevral kuni Yunusobod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan Alim K. va Abdurahmon Z.ga nisbatan besh sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Top