21:01 / 13.02.2021
9955
«Legiya» Jasur Yaxshiboyev transferini e'lon qildi

O‘zbekistonlik yarimhimoyachi Jasur Yaxshiboyev 2021 yilgi mavsumni Polsha chempionatida o‘tkazadigan bo‘ldi.

«Legiya» klubi o‘zbekistonlik 23 yoshli yarimhimoyachi bilan kelishuvga erishilgani haqida rasman e'lon qildi. Yaxshiboyev Polshaning 14 karra chempioni bilan 2023 yilning 30 iyul kuniga qadar shartnoma imzoladi. Kelishuv tomonlarning roziligi bilan yana uzaytirilishi mumkin. Yaxshiboyev «Legiya» safida 7-raqamda to‘p suradigan bo‘ldi.

«Legiya» haqida internet orqali ma'lumotlar oldim va jamoaning Chempionlar ligasida o‘ynaganini YouTube tarmog‘i orqali tomosha qilib, bildim. O‘tgan mavsumda Belarus chempionatida o‘ynab, o‘zimga bo‘lgan ishonch ortdi. «Legiya» ajoyib muxlislarga ega ekanligidan xabarim bor», - deydi Yaxshiboyev klub rasmiy saytiga.

Poytaxt Varshava klubi Polsha chempionati joriy mavsumida 16-turdan keyin 32 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Ushbu jamoa mamlakatning amaldagi chempioni sanaladi.

Ma'lumot uchun, «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi sanalmish Jasur Yaxshiboyev O‘zbekiston milliy jamoasi safida uchta o‘yinda maydonga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, Jasur Yaxshiboyev o‘tgan mavsumda Soligorskning «Shaxtyor» klubi bilan chempionlikka erishib, jamoani erkin agent sifatida tark etgandi. U Belarus chempionatida 27 o‘yinda 16ta golga mualliflik qilgan.

Top