09:19 / 15.02.2021
11567
BAAning fazoviy zondi Marsdan ilk suratni jo‘natdi

BAAning “Al-Amal” (Umid) deb nomlangan fazoviy zondi Marsdan ilk suratni jo‘natdi. Bu haqda BAA bosh vaziri va Dubay amiri Muhammad bin Rashid Al Maqtum Twitter’da ma'lum qildi. 

Dubay amiri arab zondi tomonidan olingan suratni ilova qilib, u Qizil sayyora sirtidan 25 ming km balandlikdan olinganini qo‘shimcha qilgan.

“Al-Amal” zondi 2020 yil 20 iyulda Yaponiyaning Tanegasima orolidagi kosmodromdan H-IIA raketa-tashuvchisi yordamida fazoga uchirilgandi. 

Marsni o‘rganish uchun mo‘ljallangan 1350 kgli qurilma BAAning Koinot agentligi, Muhammad bin Rashid nomidagi koinot markazi va AQShning 3ta universiteti hamkorligida yaratilgan.

BAAning sayyoralararo avtomatik stansiyasi 6 oylik parvozdan keyin 2021 yil 9 fevralda Mars orbitasiga chiqdi. Shu tariqa BAA fazoviy qurilmasi Marsga chiqqan beshinchi davlatga aylandi. 

Top