09:30 / 17.02.2021
5273
Gaz muhandislari bilan bir kun: «Urganchtransgaz» faoliyatiga nazar

Tabiiy gaz – O‘zbekiston iqtisodiyotining asoslaridan biri. Birgina elektr energiyasining 80 foizi uchun tabiiy gaz talab etilishining o‘zi «zangori yoqilg‘i»ning ahamiyatini ko‘rsatadi.

Quyida tabiiy gaz transportirovkasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya – «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Urganchtransgaz» unitar korxonasi misolida tizimdagi ish jarayonlari bilan tanishamiz.

Qoraqalpog‘istonning Ustyurt platosi. Qo‘ng‘irot shahridan 80 km uzoqlikdagi cho‘l hududi. Havo harorati termometrda -15 daraja ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, kuchli shamol bois sovuq suyak-suyagingizdan o‘tadi. Shunga qaramay, tashqi dunyodan uzilgan, na internet, na ijtimoiy tarmoq bo‘lgan hududda ish qaynamoqda. «O‘rta Osiyo – Markaz» magistral gaz tarmog‘ining yaroqsiz holga kelgan quvurlarini almashtirish ishlari ob-havo injiqliklariga qaramay davom etmoqda.

Ayni shu tarmoqdan O‘zbekistonning qator yirik shaharlariga tabiiy gaz yetkazib beriladi.

Bevosita ish joyida nimalar qilinayotganini izohlab berishini so‘rab, korxona direktori Aminboy Aminovga mikrofon tutamiz.

Aminboy Aminov

«Bu yerda «O‘rta Osiyo – Markaz» magistral gaz tarmog‘ining 80 km.lik masofadagi nuqsonli uchastkalarini almashtirish ishlari davom etmoqda. 2020 yil dekabrda aniqlangan 17ta nuqsonli bo‘lmalar bir yarim oy ichida bosqichma-bosqich to‘liq almashtiriladi», – deydi Aminboy Aminov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tadbirlar natijasida magistral gaz quvurlaridagi tabiiy gaz ishchi bosimini ko‘tarish, shu orqali o‘tkazuvchanlikni oshirish imkoni paydo bo‘ladi.

Umuman, 2021 yil davomida diametri 1000, 1200 va 1400 mm.lik 400 km uzunlikdagi quvurlarni qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Hozirda ayni jarayon boshlab yuborilgan, jumladan, biz tashrif qilgan bo‘lmadagi ishlar uchun 150 nafar mutaxassis, 50ga yaqin maxsus texnika jalb etilgan.

Olib borilayotgan ishlar bilan tanishgach, 25 km.lik masofa o‘rtasida tashkil etilgan muvaqqat qarorgohga borib, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishamiz. Ishchilar uchun yuk avtomobillarida yotoqxonalar tashkil etilgan, bu yerda 24 soat ishlovchi, zaruriy dori-darmon va anjomlar bilan jihozlangan tibbiy xizmat nuqtasi bor.

Qarorgohning e'tiborni tortgan yana bir jihati – besh vaqt namozni o‘z vaqtida ado etish uchun alohida sharoit qilinganidir.

Xo‘sh, «Urganchtransgaz» UK qanday faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Bu savol bilan yana korxona rahbari Aminboy akaga yuzlanamiz.

«Korxonamiz «O‘ztransgaz» AJ tizimidagi korxonalardan biri hisoblanadi, asosiy vazifamiz – O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar tabiiy gazining transportirovkasini ta'minlashdan iborat. Korxona 4 900 km masofaga cho‘zilgan gaz quvurlaridan foydalanishni ta'minlaydi va tizimda 3 mingga yaqin ishchi xizmat qiladi», – deydi Aminboy Aminov.

Rejaga muvofiq, navbatdagi manzilda ishni davom ettirishda yangidan qarorgoh quriladi.

Payvandlovchi mutaxassislarning aksariyati 6-toifadagi payvandchilar. Ular vaqti-vaqti bilan unitar korxona tizimidagi o‘quv-sog‘lomlashtirish markazida malaka oshirib turishadi.

Qarorgohda tong ottirgach, tamaddidan so‘ng, ishga chiqdik. Kuchli shamol esishi to‘xtagan bo‘lsa-da, havo harorati sovuqligi issiq o‘rindan turgan kishiga yaqqol seziladi.

Quvurlar payvandlangach, ularning sifatini maxsus laboratoriya xodimlari tekshiradi. Tekshirish xizmati zarur anjomlar va jihozlarga ega. Rentgenoskopiya, ultratovushli defektoskopiya, tashinomer kabilar shular jumlasidan.

 Baxtiyor Matchanov – Markaziy issiqlik elektrotexnika ishlab chiqarish laboratoriyasi mas'uli

«Tutashmalar sifatini nazorat qiluvchi xizmatimiz yuqori bosimli gaz o‘tkazuvchi quvurlardagi payvandlangan tutashmalar sifatini tekshirish bilan shug‘ullanadi. Ayni vaqtda payvandning ichki nuqsonini aniqlash maqsadida tekshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mabodo tutashmada nuqson aniqlansa, bu tutashma kesiladi va takroran payvandlanadi.

Tekshirishni olib boruvchi mutaxassislarimiz yillik malaka oshirish kurslarini o‘tab turadi. Tekshiruv natijasida tutashmada nuqson aniqlanmasa, uning yaroqli ekani haqida xulosa beriladi va gaz quvuri foydalanishga shay hisoblanadi», – deydi Baxtiyor Matchanov.

Ma'lum bir masofadagi quvurlar bo‘lmasi almashtirilgach, foydalanishga qabul qilinishdan avval, katta bosimda suv haydalib sinab ko‘rish ham bor.

Ta'kidlash o‘rinli, har bir bo‘lmani kim payvandlagani, kim uning sifatini tekshirib, qabul qilgani bo‘yicha ro‘yxat bir necha o‘n yillar mobaynida arxivda saqlanishi ham bejizga emas. Chunki ushbu quvurlar orqali bir necha yillar davomida yuqori bosimli tabiiy gaz iste'molchilarga yetkazib beriladi.

Safarimiz davomida Qoraqalpog‘istondan Xorazm viloyati, Xiva tumanining Zao‘ng‘ur magistral gaz quvurlari boshqarmasi sanoat maydonchasida ham bo‘ldik. Bu yerda foydalanilmayotgan gaz quvurlari qazib olinib, ularning sifati tekshiruvdan o‘tkaziladi. Yaroqlilik darajasi 1-toifada deb belgilangan quvurlar Ustyurt platosiga yuboriladi.

«Tizimni yaxshilash uchun Energetika vazirligi va «O‘ztransgaz» AJ boshqaruvi bizni qo‘llab-quvvatlab turibdi. 20dan ortiq yangi maxsus texnikalar xarid qildik. Chunki bunday texnikasiz biz bir metr quvurni ham montaj yoki demontaj qila olmaymiz. Shu bois, bu yil katta marra oldik va uni bajara olamiz», – dedi Aminboy Aminov.

Yuqorida aytilganidek, unitar korxona tizimida o‘quv-sog‘lomlashtirish markazi bor; unda hunarni o‘rganishni istagan yoshlarga payvandlash, frezerlik, tokarlik kabi hunarlar o‘rgatilmoqda.

«O‘quv-sog‘lomlashtirish kombinatimizda yoshlarni 16 yo‘nalish, jumladan, elektrpayvandchi, gazpayvandchi, kesuvchi, yuqori va past bosimli tarmoqlarda ishlovchi elektromontyor, KIP-avtomatika, yong‘in va texnika xavfsizligi mutaxassisliklari bo‘yicha ish jarayoniga tayyorlaymiz.

Shunday kasb-hunarlarga qiziqqan yoshlar bo‘lsa, kombinatga kelishsin, biz ularga hunar o‘rgatamiz. Bugungi kunda, ayniqsa, payvandchilarga talab katta», – dedi Aminboy Aminov.

Bundan tashqari, «Urganchtransgaz» UK tizimidagi qator korxona va tashkilotlar faoliyati bilan ham tanishishga ulgurdik. Mahalliylashtirish davlat dasturi doirasida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan elektrod ishlab chiqarish korxonasi yiliga 2 turdagi 5 ming tonna elektrod ishlab chiqarib, tizim korxonalariga yetkazib berishi mumkin.

Ofis qog‘ozlarini qadoqlash, vodoemulsiya va shpatlevka kabi qurilish mahsulotlari ishlab chiqish, ishchi-xodimlar uchun kiyim-kechak va maxsus poyabzallar tikish sexlarida ham o‘nlab fuqarolar doimiy ish bilan band.

Shuningdek, tizimda Urganch qurilish-montaj boshqarmasi, g‘isht zavodi, beton mahsulotlari, ohak va keramzit, mebel ishlab chiqarish sexlarida yuzlab mahalliy aholi band qilingan.

Ma'lumot uchun: «O‘ztransgaz» AJ tabiiy gazni yetkazib berish, jumladan eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi tashkilotlardan olib, magistral gaz quvuriga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulangan iste'molchilarga yetkazib beruvchi operator sanaladi.

Bugungi kunda tizimda 14ta tashkilot bo‘lib, 8ta Magistral gaz quvurlari boshqarmasi (Gazli, Kogon, Zirabuloq, Farg‘ona, G‘allaorol, Muborak, Samarqand, Toshkent), «Urganchtransgaz» unitar korxonasi, 2ta gazni yer ostida saqlash inshooti (Xo‘jaobod, Gazli), qurilish bo‘yicha «Transgazinjiniring» MChJ, Qamchiq direksiyasi hamda yordamchi xo‘jalik faoliyat ko‘rsatadi. Ularda 8 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda.

2020 yilda qariyb 40 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Jamiyat tomonidan 2020 yilda 194 kmdan ortiq uzunlikdagi magistral quvurlarida qurilish, kapital ta'mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borilgan.

«Urganchtransgaz» unitar korxonasi tarkibiga jami 14ta tashkilot kiradi. Korxona tarkibida 3 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi. Uning asosiy vazifasi – davlatlararo kelishuvga binoan O‘zbekiston tabiiy gazi eksportini ta'minlash va Turkmaniston hamda Qozog‘iston tabiiy gazlarini tranzit qilish, Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste'molchilariga tabiiy gaz yetkazib berishdan iborat.

Top