17:44 / 17.02.2021
22146
Botir Ergashev Komil Allamjonovni shoirlarni emas, tiktokerlar va «don-don-ziki»chilarni tanqid qilishga chaqirdi

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov g‘azalxonlik qilib o‘tirish o‘rniga, ilm-fanga ko‘proq e'tibor qaratish kerakligini ta'kidlab chiqqandi. Uning bu fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda bahslarni keltirib chiqardi.

Allamjonov nima dedi?

«O‘zbekistonda zudlik bilan ilm, bilimdonlar, olimlar, tadqiqotlar, tajribalar, laboratoriyalar, o‘rganishlar, yangiliklar, kashfiyotlar trendga chiqishi kerak.

Chunki bugun shundoq ham kech, ertaga esa undan ham kech bo‘ladi. Vaqt bizga qarshi ishlayapti. Boshqa tomondan, hechdan ko‘ra kech yaxshi.

Quruq gapda o‘tgan allomalarimiz bilan kerilib, g‘azalxonlig-u bahr-u baytlar qilib, she'rlar to‘qib, o‘zimizni yupatib yurganimiz bilan birimiz ikki bo‘lmaydi.

Tag‘in biz o‘tmishi buyuk, kelajagi buyuk, o‘rtasi kuyuk bo‘lib qolmaylik bu ketishda, Olloh asrasin. Shunga erishish kerakki, bizdan oldingilar rizo, keyingilar faxrlansin», – degandi Mass-media fondi raisi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir Botirjon Ergashev yuqoridagi fikrlar uchun jiddiy etirozlarini bildirib, videomurojaat yo‘lladi.

«Komil aka, sizni tadbirkorlik, jurnalistika sohasidagi faoliyatingizni bir necha yildan buyon kuzatib boraman. Tashabbus va g‘oyalaringizni ham hurmat qilaman, ularning ba'zilarida hatto ishtirok etganman. Lekin ish bor joyda xato, kamchilik va nuqsonlar doim bo‘ladi.

Bu qilayotgan ishlaringizni ichida xato va nuqsonlari ham juda ko‘p. Jumladan, bugun Kun.uz saytida e'lon qilingan fikrlaringiz shoir sifatida menga judayam og‘ir botdi.

O‘zbekistonda yuzlab, minglab bo‘lajak Navoiy, Navoiy bo‘lolmasa ham, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Xalima Xudoyberdiyeva kabi ijodkorlar bor.

Ko‘ryapsiz, oxirgi vaqtlarda badiiy ijodga e'tibor yanayam oshdi. Prezident ham yaxshi ijodkorlarning targ‘ibotini kuchaytirishga targ‘ib qilyapti. «Ularni dunyoga olib chiqish kerak», deyapti. Sizni bu aytgan gaplaringiz esa mana shu siyosatga butunlay teskari.

Bir narsani biling, bahr-u bayt bu siz o‘ylaganchalik yengil narsa emas. Bahr-u baytda ishtirok etish uchun ijodkor yuzlab she'rlarni yoddan bilishi kerak. Sher yodlamagan, she'r bilmagan odam, qubbayi hofizasi «nol» odam bu kabi mushoiralarda qatnasholmaydi.

Shuning uchun bu narsalarga yuzaki qaramang. Kishi bular haqida gapirish uchun avvalo she'riyat va g‘azalxonlik nima ekanini bilishi kerak.

She'r yozish o‘yinchoq narsa emas. Tadbirkorlik faoliyatingingizda qanday og‘ir mashaqqatlar bo‘lsa, she'riyatda bu mashaqqatlar ortiqki, aslo kam emas.

Siz bahr-u bayt o‘rniga o‘zini tomdan tashlab jonli efir qilayotgan, o‘zini poyezd tagiga tashlayotgan tiktokerlarni kamaytirib, yo‘qotib, ilmni trendga chiqaraylik, bilimdonlarni ko‘paytiraylik deganingizda fikringizga qo‘shilardim.

Tashkent cityda 7 yoshdan 70 yoshgacha ishtirokchilar o‘rtasida «don-don-ziki» bo‘yicha musobaqa o‘tkazilganda nega bir og‘iz gapirmadingiz? Tiktokerlarga katta-katta sovg‘alar berilib, targ‘ib qilinganda nega indamadingiz?

Yo‘q, siz bugungi kunda yoshlarimizga kerak bo‘lgan bahr-u baytni keraksiz bir ishga chiqaryapsiz?

Bunday gaplarni gapirmang. Bu sizday bir rahbar, rasmiy kishiga yarashmaydi», – dedi shoir Botirjon Ergashev o‘z murojatida.

Mavzu atrofidagi muhokamalarga jurnalist Rahimjon Rahmat ham qo‘shildi. Unga ko‘ra, har qanday davrda ham hokimiyat adabiyotga o‘zi yuritayotgan siyosat targ‘ibotchilarini tayyorlash darajasidagina e'tibor beradi.

«O‘tgan asrning 90-yillarida katta bir jurnalist-arbob: «Mamlakatimizda san'atga, adabiyotga, ma'naviyatimiz yuksalishiga katta e'tibor berilyapti, bu narsa bizlar uchun tarixiy an'anadir, mana, misol uchun Xiva xoni ham san'at va adabiyotga katta e'tibor qaratgan, hatto chor askarlari mamlakatga bostirib kelayotgan qaltis pallada ham saroydagi nafis majlislarni to‘xtatmagan, shoir, musiqachilarni yig‘ib, g‘azal va musiqa kechalari o‘tkazgan», deb yozgandi.

Jurnalist-arbobning yuqoridagi fikrlarini o‘qiganimda birinchi kursda o‘qirdim va bunaqa fikrni o‘ta yanglish ekanligini tushungandim. Ey nodon, ey kalta fikr, yurtingga yov bostirib kelyapti ekan, yovga qarshi chiqish tadbirini tezlatmay, g‘azal o‘qishga, musiqa majlisini uyushtirishga balo bormi.

Xonning ishtirokidagi musiqa majlislari, she'rxonlik yig‘inlari asosan maddohlikdan iboratligi bor gap.

Xivani bosib olishda ishtirok etgan choro‘ris zobitning esdaliklarini o‘qigandim. U yozgandiki, xonlik xududiga 12–15 chaqirim kirib borganimizda ham yo‘limizda hech kimni kimni ko‘rmadik.

She'rdan, musiqadan uzoqroq yurganlaring ma'qul. Asar yozish ham, asar o‘qishga qiziqish ham tug‘ma bo‘ladi; Xudo yuqtirmagan odam asar ham yozmaydi, Qodiriy asarlarini ham o‘qimaydi.

Hokimiyat adabiyotga o‘z siyosatining targ‘ibotchilarini tayyorlash darajasida etibor beradi, xolos, bundan ortig‘i kerakmas.

Cho‘lpon: «Adabiyot yashasa, millat yashaydi», deganida hozirgi targ‘ibotchi va sayoz, rahbarlar yonida tirjayib turadigan adabiyotni nazarda tutmagan.

Men o‘zim adabiyotchiman, lekin adabiyot haqida gapirishlarini yoqtirmayman.

Ilm-fanga e'tibor beringlar. Adabiyot, haqiqiy adabiyot inson ongini yaxshi tomonga o‘zgartira oladi, ammo bu kabi asarlarni olomon o‘qimaydi.

Yana takrorlayman. Siyosat o‘z targ‘ibotchilarini yaratish uchungina adabiyot ahliga etibor beradi, xolos, chin adabiyot siyosatga kerakmas. Ilm-fanga e'tibor beringlar», – deb yozdi Rahimjon Rahmat o‘z Facebook sahifasida.

Komil Allamjonovning fikrlariga qarshi fikr aytgan faqat Botirjon Ergashev emas. Bloger Shahnoza Soatovaning hisoblashicha, ilm va adabiyotni bir-biriga teskari qo‘yish – mantiqsizlik.

«Komil Allamjonovga ko‘ra, g‘azalxonlik, she'r, adabiyot ilm emas, o‘zni yupatish vositasi ekan.

G‘azal o‘qib, bahr-u bayt qilmay, ilmni trendga olib chiqish kerak deyaptilar.

Mayli-yu, ilmni adabiyotga zid qo‘yish hech bir quyushqonga sig‘maydigan gap. Xuddiki serial olishyapti, undan ko‘ra maktab quring degan mantiqsiz gap kabi. Avvalo, adabiyot, ayniqsa, mumtoz adabiyot – katta ilm. Shu ilm bo‘lmaganida, hozir umuman o‘zbek tili va millati qolmasdi balki. Qolaversa, bir yo‘lda ketayotgan poyezd vagonlari bir-biriga zid harakatlana olmaydi, shunchaki, ayrim vagonlarning g‘ildiragi buzilib, tarkibdan uzilib qolishi mumkin. Rivojlanish uchun ilm ham, millatning qaddini ko‘taradigan tarixiy-badiiy serial ham, maktab ham, she'r-u g‘azal ham – hammasi kerak.

Ikki buyuk adibning tavalludi bir haftaga to‘g‘ri kelsa, g‘azalxonlik ko‘p bo‘lishi tabiiy. Boshqa paytlar shu ham yo‘q o‘zi. Bunaqa yaxshi o‘ylanmagan gaplarni aytish yarashmabdi sizga, Komil Ismoilovich.

Adabiyotni tinch qo‘ying-da, bemalol ilm-fanni trendga olib chiqavering («Zakovat»ni qutqaryapsiz, yaxshi, lekin bu hali ilm-fanni trendga olib chiqish emas). Ibn Sino-yu Ulug‘bekka ham olim, ham shoir bo‘lishida adabiyot xalaqit bermagani kabi, siz nazarda tutayotgan ilm-fanni trendga olib chiqishingizga ham u xalaqit bermaydi. Faqat ilm-fanni trendga olib chiqib ham olim avlod tarbiyalay olmaymiz, chunki trendlar bir ko‘pik, xolos, bugun bor, erta yo‘q.

Haqiqiy ilm-fanni rivojlantirish uchun esa katta investitsiya va amaliy ishlar kerak. Shundan gapiring undan ko‘ra», – deya izoh qoldirgan bloger.

«Haqiqatda ilm maydonida juda orqada qolib ketyapmiz, hatto shimoliy qo‘shnimizdan ham», deydi Azon.uz asoschisi Mubashshir Ahmad mavzu yuzasidan fikr bildira turib.

«Tan olish kerak, uning (Komil Allamjonovning – tahr) fikrida jon bor. O‘zim kuzatganim, Alisher Navoiy haykali (!!!) poyiga gul qo‘yib, bir necha shoirlar nutq irod qilganlaridan (bu har yili takrorlanadi) va yana orkestr kuy chalishidan (!!!) Navoiy yoki u zotning ta'limotlariga qanday naf bo‘lar ekan?

«Navoiyxonlik kecha»lari ham, e'tirof qilaylik, shunchaki, xo‘jako‘rsinga o‘tkaziladi. Shunday foydasiz tadbirlarga ketgan mablag‘larni 5–10ta haqiqiy navoiyxonni tarbiyalashga sarflansa va ular Navoiy fikrlarini yoysa, ana shunda aqli rasolik qilingan bo‘ladi.

Allamjonovning ilmni trendga olib chiqish kerak degan mavzulari, fikri va kuyunishini esa hamma qo‘llab-quvvatlasa kerak. Haqiqatda ilm maydonida juda orqada qolib ketyapmiz, hatto shimoliy qo‘shnimizdan ham.

Xullas, biz ko‘proq fikr atrofida birlashishimiz kerak», – deya yozgan u.

Yozuvchi Ulug‘bek Hamdam ham mavzuga munosabat bildirdi. U: «She'r-u adabiyotga tosh otguvchilarga bir eslatma» sarlavhali munosabat-post bilan chiqish qildi.

«Agar yurtga yov bostirib kirsa, men adabiyotni bir yonga qo‘yib, qo‘limga qurol olaman. Ha, urush zamonida men aynan shunday ish tutaman. Lekin tinch zamonlarda yuksak adabiyotsiz, yuksak san'atsiz yashay boshlasam, tashqaridan dushmanning bostirib kirishi shart bo‘lmaydi, mening o‘zim o‘sha yovga aylanaman. Jamiyat ham shunday bo‘ladi.

She'rni, she'rxonlikni, adabiyot-u san'atni mensimay gapirguvchilarga yana bir gapim: shoirdan shoirni, adabiyot-u san'atdan adabiyot-u san'atning farqi bor: shunday shoirlar borki, ular tufayli shohlar yodga olinadi! Uzoqqa bormaylik, ana, shoh Bayqaroning ismi asosan mutafakkir shoir Navoiy sababli eslanadi, unutmang!» – deydi Ulug‘bek Hamdam.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi matbuot xizmati rahbari Hikmatilla Ubaydullayev fond raisining fikrlarini izohladi.

«Ilm-fan, bilimdonlik, umuman, har jabhada sohani chuqur o‘rganishni trend darajasiga olib chiqish haqidagi post bloger Shahnoza va shoir Botir Ergashevga tegib ketibdi.

Birinchidan, postda «adabiyot» so‘zi ishlatilmadi ham, nazarda ham tutilmadi. Hissiyotga berilmang. Aslida adabiyot katta ilm va biz buni juda yaxshi tushunamiz. Lekin allomalarni faqat tavallud kunlari arafasida yoppasiga eslab, tadbirbozlik qilishimiz, shu kunlari yodlangan ikki misra g‘azal – bu ilm ham, adabiyot ham emas.

Hech kim she'riyatga, g‘azalxonlikka qarshi bo‘layotgani yo‘q. Masala boshqa yoqda.

Gap she'riyat bilan bir qatorda tarixga ham, tibbiyotga ham, iqtisodga ham, fizika-yu kimyoga ham qiziqishni birdek kuchaytirish zarurligi haqida ketyapti. Bizda she'riyatga e'tibor boshqa yo‘nalishlarga qaraganda ancha yuqori.

Yana bir fikrni ta'kidlab o‘tish o‘rinli bo‘ladi, nazarimda. Bundan bir necha yil oldin «Ravon mingim kelyapti, paxta tergim kelyapti», deb she'r yozgan shoirga viloyatlardan birining hokimi avtomashina sovg‘a qildi. She'riyatdan maddohlik yo‘lida foydalanishga o‘tib ketmaslik lozim. She'riyat o‘zining asl ma'no-mohiyatini yo‘qotmasligi kerak.

Botir Ergashev «Komil Allamjonov siyosatga qarshi», deb aytibdi. Bu – jiddiy ayblov. Qonunda bu kabi ayblovlar uchun jazo bor. Biz shubhasiz so‘z erkinligi tarafdorimiz, lekin so‘z erkinligi kim nimani xohlasa gapirishi mumkin, qonunni buzish mumkin, degani emas. Aytilgan so‘zga albatta javob bera olishni o‘ylash va avvalo, o‘ylab gapirish lozim.

Postni hovliqmay, gapning mag‘zini chaqib o‘qib, keyin fikr bildirishga chaqiramiz. Bu gap, ayniqsa, o‘zini ziyoli deb biladigan, so‘zdan so‘zning farqiga borishi kerak bo‘lgan odamlarga tegishli», – deya yozdi fond matbuot kotibi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

Top