Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Allomalarimiz bilan kerilib, she'r to‘qib yuraversak, birimiz ikki bo‘lmaydi» - Komil Allamjonov
O‘zbekistonda ilm va ilmlilar trendga chiqishi kerak; «she'rlar to‘qib, o‘zimizni yupatib yurganimiz bilan, birimiz ikki bo‘lmaydi», deya O‘zbekistondagi ayni jarayonlarga munosabat bildirdi Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov.
Foto: Telegram / Komil Allamjonov
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov mustaqillik yillarida keng yoyilgan buyuk o‘tmishga mahliyo bo‘lish va buyuk kelajak haqidagi balandparvoz gaplar o‘rniga, chinakam taraqqiyot omillariga e'tibor qarata boshlash kerakligini ta'kidlab chiqdi.
«O‘zbekistonda zudlik bilan ilm, bilimdonlar, olimlar, tadqiqotlar, tajribalar, laboratoriyalar, o‘rganishlar, yangiliklar, kashfiyotlar trendga chiqishi kerak.
Chunki bugun shundoq ham kech, ertaga esa undan ham kech bo‘ladi. Vaqt bizga qarshi ishlayapti. Boshqa tomondan, hechdan ko‘ra kech yaxshi.
Quruq gapda o‘tgan allomalarimiz bilan kerilib, g‘azalxonlig-u bahr-u baytlar qilib, she'rlar to‘qib, o‘zimizni yupatib yurganimiz bilan birimiz ikki bo‘lmaydi.
Tag‘in biz o‘tmishi buyuk, kelajagi buyuk, o‘rtasi kuyuk bo‘lib qolmaylik bu ketishda, Olloh asrasin. Shunga erishish kerakki, bizdan oldingilar rizo, keyingilar faxrlansin», – deya yozdi Allamjonov Telegram'dagi kanalida.
Mass-media fondi raisi bir necha kun avval trenddagi mavzularning qay darajada ekani haqida fikr bildirgandi.
«Bugun butun dunyo matbuoti BAA va Xitoy davlatlarining kosmik apparatlari Marsda tadqiqot o‘tkazish uchun navbatda turganini yozib, bong uryapti. Biz esa daraxt kesma, yo‘l chiziqlari chizilmagan, uni telefonini bozorda sindirishibdi, o‘qituvchi o‘quvchini uribdi, balo-battar, qanaqadir mayda-chuyda, g‘iybat, ig‘vo masalalar bilan o‘ralashib yuramiz. Alam qilib ketdi hozir negadir», – degandi Komil Allamjonov.
Mavzuga oid
19:45 / 24.11.2025
Komil Allamjonov prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimiga tayinlandi
09:58 / 27.09.2025
Komil Allamjonov Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi bo‘yicha maxsus maslahatchisi etib tayinlandi
08:49 / 11.09.2025
Rossiya sanksiyalar tufayli jahon ilm-fanidan 3 yilga orqada qolmoqda
16:12 / 24.07.2025