13:32 / 20.11.2023
10949

“Mayda xatolarni deb katta xatolarni tuzatish uchun qilayotgan islohotlarimizga xalaqit berishga urinmang” - Komil Allamjonov

“Kuni kecha Ilon Maskning navbatdagi yangi raketasi osmonda portlab ketdi. Ish bor joyda xato bo‘ladi. Lekin ig‘vogarlarning sassiq gaplariga qarab, bo‘shashib, hech narsa qilmay, qo‘l qovushtirib o‘tirganida edi, Ilon Mask bugungi darajaga yetib kelmagan bo‘lardi”, – dedi “Zakovat-Gambit” turniri haqida fikr bildirgan Komil Allamjonov.

Arxiv foto: Komil Allamjonov / Telegram

Toshkentda navbatdagi “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi. Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov o‘z kanalida bu musobaqa haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlar O‘zbekistonda ilmga chanqoq, qobiliyatli yoshlarni kashf qiladi.

“Shaxsan men ishonamanki, ta’limni rivojlantirish, ilmni trendga olib chiqish yo‘lidagi barcha loyihalarimiz kelajakda o‘z mevasini beradi. Urilamiz, surilamiz, lekin baribir maqsadimizga yetamiz.

Masalan, kuni kecha Ilon Maskning navbatdagi yangi raketasi osmonda portlab ketdi. Yoki bo‘lmasa “V etom obnovlenii ispravleny oshibki...” deb nomlangan Apple'ning iOS 17.1.1 operatsion tizimi ham yuklab olish uchun telefonimizda paydo bo‘ldi. Ish bor joyda xato bo‘ladi. Lekin ig‘vogarlarning sassiq gaplariga qarab, bo‘shashib hech narsa qilmay, qo‘lni qovushtirib o‘tirganida edi, Ilon Mask bugungi darajaga yetib kelmagan bo‘lardi.

Shuning uchun ham mayda xatolarni deb katta xatolarni tuzatish uchun qilayotgan islohotlarimizga xalaqit berishga urinmang. Undan ko‘ra duo qiling. O‘zingizdan tortib hatto bizgacha insof so‘rang. Men ham duo qilaman.

Ilohim yurtimiz ilmlilar, olim-u o‘qimishlilar yurtiga aylansin.

Buyuk O‘zbekistonning mavqei yanada baland bo‘lsin. “Zakovat Gambit” g‘oliblariga mukofotlar muborak bo‘lsin!” – deya yozdi Komil Allamjonov.

Top