17:34 / 17.02.2021
22914

«Nozik mavzu, murakkab mavzu» – shifokor-androlog bilan suhbat

Kun.uz – «Sog‘lom hayot» loyihasi doirasida urolog-androlog Zarifjon Murodov bilan suhbat uyushtirildi.

Zarifjon Murodov 1978 yilda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Toshkent Tibbiyot akademiyasini tamomlagan, 2005–2007 yillari Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida, professor A.A. G‘aybullayev qo‘l ostida klinik ordinatura va 2008–2011 yillari shu yerda aspiranturada o‘qigan.

2008 yil Turkiyaning Istanbul universitetida Andrologiya kursini tamomlagan. 2009 yildan boshlab har yili turli xalqaro konferensiyalarda ma'ruzalar qilib keladi. 2009 yildan buyon O‘zbekistonda birinchi bo‘lib www.andrology.uz saytini ochib, bemorlarga o‘zbek tilida masofadan maslahatlar berib kelmoqda. Keyinchalik shu nomli telegramda va YouTube tarmog‘ida xalqimizga tibbiy andrologik mavzularda taqdimotlar qilib keladi.

  • Oilada farzandsizlikka ko‘proq kim sababchi, ayollarmi yoki erkaklar?
  • Qanday holatga bepushtlik deb baho beriladi?
  • Shifokorga qilingan murojaat qay darajada sir saqlanadi?

— Zarifjon, keling ozgina kirish qismi qilsak – andrologiya o‘zi nima va u fan sifatida qachon paydo bo‘lgan?

— Andrologiya so‘zi yunoncha «andros» – erkak va «logos» – fan so‘zlaridan iborat, ya'ni erkaklar haqidagi fan deyish mumkin. Lekin androloglar butun dunyoda, asosan, uch yo‘nalishda izlanish olib borib, bemorlarni davolashadi:

  1. Oiladagi erkaklar sababli bepushtlik;
  2. Erkaklarning jinsiy muammolari;
  3. Bizda murojaat kam bo‘lsa ham, ayollarning jinsiy muammolari.

Tarix jihatidan eramizdan 4000 yillar oldingi papiruslarda ilk andrologik belgilarni ko‘rish mumkin.

— Asosan qaysi kasalliklar bilan sizga murojaat qilishadi?

— Buni ikki xil tartibga solish mumkin, birinchi yosh bo‘yicha, ikkinchisi uylangandan keyingi davr bo‘yicha; birinchi – o‘g‘il bola tug‘ilgach, jinsiy a'zolarning o‘z o‘rnidaligi, o‘lchami kichikligi, ortda qolishi, voyaga yetish davrida varikotsele, siydik yo‘llari infeksiyalari (prostatitlar –  davosi bor; oldingi tibbiyotda davosiz deb singdirilgan kasallik) barcha yoshda kelaveradi; ikkinchi – uylangandan keyingi davrda. Shuni aytib o‘tishim kerak, biz bir necha yil oldin oila markazi bilan oila qurayotgan yoshlarga, men faqatgina yigitlarga, aynan nikoh kechasi va keyingi davrlarda oiladagi erkak kishining, otalik vazifalarini bepul ma'ruza qilishni tashkil qilganmiz, afsuski, bu ishlar karantin sababli shu kunlarda to‘xtab qoldi.

Nikoh kechasidagi muammolardan boshlab homiladorlik kuzatilmasligi bilan erkaklar murojaat qilishadi, yosh o‘tib borgan sari erektil disfunksiya (impotensiya), erta bo‘shanish, yoshga mos erkak gormoni pastlashi va hokazo kasalliklar bilan murojaat qilishadi.

— Oila tamali erkak va ayoldir, kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ayollardagi bachadon bo‘yini saratoni va ko‘krak bezi saratoni ko‘payishining oldini olish bo‘yicha mamlakatimizda bir qator tadbirlar o‘tkazildi, bu borada sizning fikringiz qanday?

— Aslida, shu kasallikning oldini olish, kamaytirish asosida erkaklarni davolash yotadi. Lekin jamiyatda erkaklar kuchli jins bo‘lgani uchun ularning kasalliklari, ularning ham dardi bo‘lishi mumkinligi, zaif tomonlari mavjudligini hech kim inobatga olmaydi, ular androloglar bilan integratsiyalashgan holda ishlashi kerak, sog‘lom erkak sog‘lom jamiyat tayanchi, aslida, biz erkaklarni har tomonlama sog‘lomlashtirsak, ayollarni ham sog‘lomlashtirgan bo‘lamiz.

— Bepushtlikka bugungi kunda ko‘proq qaysi jins vakillari sababchi bo‘lishyapti? Shunga oid statistika o‘rganilganmi?

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, oiladagi befarzandlikka 50 foiz erkaklar va 50 foiz ayollar sababchi deyiladi. 2019 yilda ifodalash shakli o‘zgardi - 1/3 erkak muammolari, 1/3 ayollardagi muammolar, 1/3 har ikkisidagi muammolar sababli deyila boshlandi.

Umuman olganda, oilalar himoyalanishlarsiz hayot kechirishganda 1 yil ichida homiladorlik kuzatilmasa, bepushtlik degan tashxis qo‘yiladi. Buning sababi birinchi 3 oyda 25 foiz oilada, 6 oyda 50 foiz oilada, 1 yilda 90 foiz oilada, har ikki taraf ham sog‘lom bo‘lsa, homiladorlik kuzatiladi. Shuning uchun butun dunyoda bir yildan keyin murojaat qilish kerak deyiladi. Lekin o‘zbeklar bolajon xalq, men 3–5 oyda homiladorlik kuzatilmadimi, profilaktik ko‘rik maqsadida andrologga uchrashish kerak, deb hisoblayman.

O‘zini sog‘lom deb hisoblab yurgan erkaklarning taxminan 15 foizining oilasida uylanishdan keyin homiladorlik kuzatilmaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 1995 yildagi standarti hali ham o‘zgargani yo‘q, unga ko‘ra bir oilada homiladorlik kuzatilmayotgan bo‘lsa, birinchi qadam, birinchi shart – erkak kishini tekshirish; sababi oddiy, tez va arzon yo‘l, agar muammo chiqmasa, keyin ayollar bilan bemalol shug‘ullansa bo‘laveradi.

— Sohangiz nozik, hamma ham dardini aytib bora olmaydi. Shifokorga qilingan murojaat qay darajada sir saqlanadi?

— Bemor haqidagi ma'lumotlar to‘liq sir saqlanadi va faqat sudning ajrimiga ko‘ra taqdim qilinishi mumkin. Umuman, sohamiz vakillari bu masalaga jiddiy qarashadi. Bemorni o‘ylagan va o‘zini hurmat qilgan shifokor bu masalada sir saqlashi shart. Shaxsan o‘zim voyaga yetgan bemorning roziligisiz hatto uning ota-onasiga ham ma'lumot bermayman.

— Kun.uz saytining «Sog‘lom hayot» telegram kanalida sohangizga oid qisqa savol javoblar tashkil qilish taklifiga qanday qaraysiz?

— Suhbatingizga bajonidil rozi bo‘lganim sababi ham aslida shu, bundan faqat xursand bo‘laman. Sababi, bizda bu muammolar bilan shifokorga murojaat qilish hanuz uyat hisoblanadi va vaqt o‘tkazib yuborish asoratlarga olib kelishi mumkin. Maslahatlarim bilan kimningdir salomatligiga hissa qo‘sha olsam, xalqimiz duo qilsa bas.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Top