20:46 / 17.02.2021
16774
O‘zbekistondagi ilk xususiy aviakompaniya 2ta Airbus A320-200 samolyotini ijaraga oldi

O‘zbekistonning Qanot Sharq Airlines xususiy aviakompaniyasi Air Lease Corporation kompaniyasidan 2ta Airbus A320-200 samolyotini uzoq muddatga ijaraga oldi.

AQShning Air Lease Corporation kompaniyasi O‘zbekistonning Qanot Sharq Airlines  xususiy aviakompaniyasiga 2ta Airbus A320-200 samolyotlarini ijaraga berganini ma'lum qildi.

Kompaniya rasmiy saytida xabar berilishicha, samolyotlarni 2021 yilning mart oyida yetkazib berish rejalashtirilgan.

«Biz Qanot Sharq Airlines  ijroiya jamoasi bilan yaqindan hamkorlik qildik va dastlabki ikkita samolyotni ijaraga berish orqali birinchi o‘zbek startap aviakompaniyasini ishga tushirishda ishtirok etishdan juda xursandmiz», deb ta'kidlagan Air Lease Corporation kompaniyasining marketing bo‘yicha vitse-prezidenti.

Qanot Sharq Airlines  hududiy aeroportlardan Istanbul, Anqara (Turkiya), Dubay (BAA), Jidda, Madina (Saudiya Arabiston), Moskva, Sankt-Peterburg (Rossiya Federatsiyasi) va Olma-ota (Qozog‘iston) yo‘nalishlarida aviaqatnovlarni amalga oshiradi.

Kompaniya 1998 yilda ro‘yxatga olingan hamda yuk va yo‘lovchi aviatashuvlariga ixtisoslashgan. 2003 yildan 2012 yilgacha kompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari»dan Il-76 samolyotlarini ijaraga olgan va O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya o‘laroq o‘z charter reyslarini amalga oshirgan. Kompaniya 150 mingdan ortiq yo‘lovchi tashigan. Barcha Il-76 samolyotlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga o‘tkazilgach, kompaniyaning ekspluatantlik sertifikati to‘xtatilgan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kompaniya ta'sischisi Nosir Abdug‘afforov hududiy texnika ishlab chiqaruvchi uchta yetakchi – Embraer (Braziliya), Bombardier (Kanada) va Sukhoi (RF) kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, parvozlar geografiyasi, parvoz jadvali ishlab chiqilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qilgandi.

Rossiya matbuotida Qanot Sharq «Grajdanskiye samoleti Suxogo» kompaniyasi bilan uchta Sukhoi Superjet 100 samolyoti yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu xabarlarni kopmaniya rahbari rad etib, shunchaki qiziqish bo‘lgani, hech qanday sharnoma va bitimlar tuzilmaganini aytgandi.

Top