19:16 / 17.02.2021
2350
Vengriya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etishi mumkin – Viktor Orban

2023 yilgacha har yili 100 nafar o‘zbekistonlik talabalarga Vengriya universitetlarida imtiyozlar taqdim etiladi.

16 fevral kuni O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekiston – Vengriya savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 6-yig‘ilishida Vengriya bosh vaziri epidemiya davrida 650 ming dona himoya niqobi jo‘natilishini o‘z ichiga olgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirdi. Shu bilan birga, Vengriya hukumati pandemiya boshlanganidan keyin o‘zbekistonliklarga uylariga qaytishida yordam ko‘rsatgani ta'kidlandi.

Muloqot davomida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kuchaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

«Vengriya suv taqsimoti va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish loyihalarida, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishda va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarini yaratish kabi qishloq xo‘jaligi sohasidagi investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etishi mumkin», degan Orban.

Shuningdek, Vengriya bosh vaziri tomonidan O‘zbekiston uran yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi yettinchi davlat ekani va atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish bo‘yicha 50 yillik tajribaga egaligi ta'kidlangan.

Muzokaralar davomida ta'lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi va Vengriya 2023 yilgacha har yili 100 nafar o‘zbekistonlik talabalarga Vengriya universitetlarida imtiyozlar taqdim etilishini ma'lum qilgan.

Top