17:01 / 22.02.2021
29780
Surxondaryo viloyati hokimligidagi mansabdor bir qancha xususiy kompaniyalarga egalik qilishi ma'lum bo‘ldi

Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining kotibiyati mudiri Asliddin Bahodirovich Mengliyev bir vaqtning o‘zida bir qancha kompaniyalarga egalik qilib kelmoqda.

Davletovuz kanali muallifining yozishicha, Asliddin Mengliyev barchasi oxirgi 3-4 yilda ochilgan ushbu korxonalarning ayrimlariga rahbarlik ham qiladi.

Mengliyev ziravorlar, xushbo‘y, kuchli narkotik va farmatsevtika ekinlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadigan «BONU-ELSHOD» xususiy korxonasining 100 foizlik; yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadigan «JANUB EKSPORT» MChJ korxonasining ham 100 foizlik; yana xuddi shunday faoliyat bilan shug‘ullanadigan «JANUB SUV-INVEST QURILISH TA'MIR» MChJ korxonasining 100 foizlik; qishloq xo‘jalik xomashyosi, tirik hayvonlar, to‘qimachilik xomashyosi va yarim fabrikatlar ulgurji savdosi bo‘yicha agentlar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «OBOD-YURT TOMORQA XIZMATI» MChJning 50 foizlik ta'sischisi hisoblanadi.

Kanal muallifining fikricha, bu korxonalar budjet buyurtmalari va davlat xaridlarida ishtirok etgan-etmagani muhim emas, muhimi – davlat xizmatchilari, ayniqsa, mansabdor shaxslarning biznesdagi ishtiroki nafaqat tadbirkorlik faoliyati bilan, ayni payti ulushdorlik nuqtayi nazardan ham taqiqlanishi kerak.

«Manfaatlar to‘qnashuvi nihoyat jinoyat sifatida e'tirof etilishi, ayni paytda unga jazo ko‘zda tutilishi lozim. Davlat xizmati to‘g‘risidagi, korrupsiya to‘g‘risidagi qonunlar, shuningdek, jinoyat qonunchiligi, modomiki korrupsiyaga qarshi kurashish rost bo‘lsa, shu qoidalarni inobatga olgan holda tezroq to‘ldirilishi, muttasil takomillashtirilishi kerak. Hozircha faqat depsinib turganga o‘xshaymiz», – deydi bloger.

Kun.uz bu masalada hokimlik pozitsiyasi bilan qiziqib, viloyat hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Hozircha bu masalada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan, davlat boshqaruvi va mahalliy ijro hokimiyati organlari uchun majburiy bo‘lgan odob-axloq qoidalarining 15-bandiga ko‘ra, davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

Top