15:42 / 23.02.2021
11056
Bosh vazir o‘rinbosari: Emlanishdan bosh tortganlarga hech qanday chora ko‘rilmaydi

O‘zbekistonda Covid-19’ga qarshi emlanishdan bosh tortganlarga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev 22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan parlament eshituvida ma'lum qildi. 

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev birinchi bosqichda emlanadigan aholi toifasiga kiruvchilar haqida gapirar ekan, vaksinani olish ixtiyoriy ekanligini ta'kidladi.

«Agar ixtiyoriy emlanishdan bosh tortadigan bo‘lishsa, ularga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi. Bu ixtiyoriy bo‘lib, agar voz kechilsa, buning afzal jihatlari tushuntiriladi, xolos. Lekin emlanish niyatida bo‘lmagan odamga ish va mehnat faoliyatida hech qanday ta'sir choralari ko‘rilmaydi», degan u.

Musayev O‘zbekiston hukumati 8ta yirik ishlab chiqaruvchiga 3 mln dozadan vaksina xarid qilish bo‘yicha murojaat qilganini aytib o‘tgan.

«Hozirda vaksinani aholining ancha keng qatlamini qamrab olgan holda xarid qilish niyatimiz bo‘lsa, birinchidan, buncha miqdorda aniq ishlab chiqaruvchi yo‘q. Yoki ishlab chiqaruvchi bo‘lganda ham yetkazib beruvchi yo‘q. Mana, hozir dunyoda vaksina ishlab chiqarayotgan asosiy 8 ta korxonalari bo‘lsa, hukumat tomonidan ularning har biriga yo‘llanma berilgan. Uch million doza vaksina olish niyatimiz bor. Shuni bizga yetkazish muddati va narxini bera olasizlarmi?, degan xatimizga birortasi javob bera olgani yo‘q. 50 foizi olmayman, degan fikrni ham aytishi mumkin.

Shuning uchun, vaksinalar har bir vaksinatsiya punktlariga yetkazilganidan keyin OAV orqali qayerda, qanday miqdorda borligi ma'lum qilinadi. Shundan so‘ng, qolgan vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan kelishuv amalga oshirilib, qolgan qatlamlar uchun vaksina yetkazib berish ustida ishlaymiz», degan bosh vazir o‘rinbosari.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda ayrim mamlakatlarda hukumat emlanishdan bosh tortganlarga chora ko‘radi.

Xususan, Vatikanda qabul qilingan dekretga ko‘ra, tibbiy ko‘rsatmasiz koronavirusga qarshi emlanishdan bosh tortganlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

Bali oroli aholisiga esa emlanishdan bosh tortish qamalishga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining ayrim hududlarida koronavirusga qarshi vaksinani qabul qilishni istamayotganlarga ishdan bo‘shash xavf soladi.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirilishi haqida avvalroq SSV ham ma'lum qilgandi.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanadi. Bunda birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan shaxslar emlanadi va u faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.
  • Ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholining boshqa zaif qatlamlari vakillari koronavirusga qarshi bepul emlanadi - bu toifadagilar soni 4 millionga yaqinni tashkil etadi. Dastlabki bosqichda 50 mingga yaqin kishi emlanishi ma'lum qilingan. 
  • O‘zbekiston xitoyliklar vaksinasini va rossiyaliklarning «Sputnik V» vaksinasini qo‘llashga ruxsat bergan - ushbu vaksinalardan 1 million dozadan xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top