22:33 / 27.02.2021
9131
Qora dengizda NATO mashg‘ulotlari boshlandi

Bolgariya, Fransiya, Gretsiya, Ruminiya, Ispaniya, AQSh va Turkiya kuchlarini birlashtirgan mashg‘ulotlar dengiz, quruqlik va havoda bo‘lib o‘tadi.

Foto: Reuters

Qora dengizning Konstansa portida «Poseydon-21» NATO xalqaro mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda Ruminiya harbiy-dengiz kuchlari bosh shtabi ma'lum qildi.

Press-relizda aytilishicha, mashg‘ulotlar 26 fevralda boshlandi va 6 martgacha davom etadi. Unda 700 nafardan ortiq harbiylar ishtirok etadi. Bolgariya, Fransiya, Gretsiya, Ruminiya, Ispaniya, AQSh va Turkiya kuchlarini birlashtirgan mashg‘ulotlar dengiz, quruqlik va havoda bo‘lib o‘tadi.

Qatnashchilar suvosti tahdidlari bilan kurashish, dengiz minalari va qo‘lbola portlovchi qurilmalarni zararsizlantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘taydi.

Bundan tashqari, harbiylar dushman aviatsiyasi, kema va suvosti kemalariga qarshi jang qilish, zararlangan kemalarni olib ketish, suvda yonilg‘i to‘ldirish va birinchi yordam ko‘rsatishni o‘rganishadi. Ruminiya mudofaa va ichki ishlar vazirliklari gidrotexnik inshoot portlaganida hamkorlikdagi harakat tadbirlarini qo‘llab ko‘radi. 

Top