16:54 / 03.03.2021
7395
Osiyo davlatlari Myanma harbiylaridan zo‘ravonlikni bas qilishni va Aung San Suu Kini ozod etishni talab qilmoqda

Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari yetakchilari va diplomatlar Myanma harbiylaridan siyosiy mahbuslarni ozod qilib, mamlakatga demokratik boshqaruvni qaytarishni talab qilishmoqda.

Seshanba kuni Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASeAN) TIV rahbari 1 fevral kuni Myanmada davlat to‘ntarishi amalga oshirib, hokimiyatni egallab olgan harbiylarning vakillari bilan muzokara o‘tkazdi.

Muzokaralar mazmuni haqida xabar qilinmagan, ammo qator mamlakatlar hukumatlari generallarga demokratik boshqaruv yetakchisi Aung San Suu Kini ozodlikka chiqarishni va namoyishchilarga qarshi zo‘ravonliklarni to‘xtatishni talab qilishmoqda.

Mamlakat ichkarisida esa dam olish kunlarida namoyishlar qonga botirilib, 20dan ortiq kishi o‘ldirilganiga qaramay, namoyishchilar ko‘chalarga qarshi chiqishda davom etmoqda.

Seshanba kuni ham politsiya norozilik aksiyalari ishtirokchilarini kuch bilan tarqatdi. Namoyishlar boshidan buyon olti nafar jurnalist qo‘lga olingan, ulardan biri Associated Press xodimidir.

75 yoshli Aung San Suu Ki -  demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatda davlat maslahatchisi sifatida amalda mamlakatni boshqarardi. U davlat to‘ntarishining birinchi kunidayoq hibsga olingan va 1 mart kuni uning ustidan sud jarayoni boshlangan.

Diplomatlar nimalar deyishdi?

Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining (ASeAN) diplomatik bo‘limlari rahbarlari videoaloqa orqali hukumatni egallab olgan harbiylar bilan muzokaralar o‘tkazishgan.

ASeAN saytida muzokaralar yakunlari bo‘yicha qisqa xabar joylashtirilgan, unda tashkilot qonunlar ustuvorligi, demokratiya, konstitutsion boshqaruv, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat prinsiplariga sodiq ekani ta'kidlangan.

Filippin TIV rahbari Teodoro Loksin tvitterdagi sahifasida, uchrashuv tafsilotlarini oshkor eta olmasligini yozgan, shu bilan birga, bu uchrashuv «ajoyib» bo‘lganini yozgan. Avvalroq u tashkilot a'zolari boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashmasligi prinsipi noto‘g‘ri qarorlarga «avtomatik ruxsat berishni yoki jimgina rozi bo‘lishni» anglatmasligini aytib o‘tgandi.

Indoneziya TIV rahbari Retno Marsudi Myanma harbiylarini siyosiy mahbuslarni ozod qilish va mamlakatni demokratiya yo‘liga qaytarishga chaqirgan.

Uchrashuv arafasida Singapur bosh vaziri Li Syan Lun BBC uchun bergan intervyusida zo‘ravonliklarni qoralagan va Aung San Suu Kini ozod etishga chaqirgandi. Ushbu shahar davlat tashqi ishlar vaziri esa diplomatlar xunta vakillari bilan muloqot vaqtida mamlakatda ro‘y berayotgan zo‘ravonliklarga noroziliklarini bildirishlarini aytib o‘tgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ASeAN generallarni Aung San Suu Ki bilan muloqot o‘tkazish orqali vaziyatdan tinch yo‘l bilan chiqishga chaqiradi.

Ma'lumot uchun, ushbu tashkilot Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand va Filippin davlatlarini o‘z ichiga oladi.

Qo‘shnilarning tashabbusi hokimiyatdan chetlatilgan Myanma parlamenti deputatlari tanqid qilib chiqishdi, ularning fikricha, tashkilot xunta bilan muzokaralarga kirishishi kerak emas.

Deputatlar xuntani terrorchi tashkilot sifatida atab, ASeAN ular bilan muzokara o‘tkazish orqali ularning hokimiyatini qonuniy deb tan olib qo‘yganini aytishgan.

Mamlakatda nimalar bo‘lmoqda?
Muzokaralar generallar hokimiyatiga qarshi ommaviy namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirilishi fonida bo‘lib o‘tdi.

Politsiya mitinglarni tarqatish uchun barcha vositalardan, xususan, o‘qotar qurollardan foydalanmoqda, 1 fevraldan buyon namoyishlar vaqtida kamida 21  kishi halok bo‘lgan. Harbiylarning aytishicha, bir politsiyachi ham tartibsizliklar qurboniga aylangan.

Seshanba kuni poytaxt Yangon va mamlakat shimoli-g‘arbidagi Kalemo shahrida aksiya ishtirokchilarini tarqatish uchun politsiya shovqinli granatalar qo‘lladi. Reuters agentligi guvohlarga tayanib xabar berishicha, buning oqibatida to‘rt nafar namoyishchi jarohatlangan, yana bir necha kishi rezina o‘qlardan jabrlangan.

«Ular xuddi harbiy hududda harakatlanayotgandek ish tutishmoqda. Men qattiq xafaman va g‘azabdaman», degan namoyishda ishtirok etayotgan o‘qituvchilardan biri.

Armiya vakillari jurnalistlarning savollariga javob bermagan, politsiya va shifoxonadagilar ham so‘nggi voqealar bo‘yicha izoh bermadi.

Harbiy to‘ntarish Myanmaning qariyb 50 yillik harbiy boshqaruvdan keyin bosqichma-bosqich demokratiyaga o‘tish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi.

Bu voqealarni AQSh, Yevroittifoq va Buyuk Britaniya qoraladi, generallarga qarshi sanksiyalar joriy etilgan.

Armiya isyonni o‘tgan yil noyabridagi parlament saylovlari vaqtida Aung San Suu Ki boshchiligidagi «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi tomonidan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Saylov komissiyasi esa saylovlar haqqoniy o‘tgan deb topgan.

Xunta rahbari general Min Aung Hlaing namoyishlar rahbarlari va tashabbuskorlari jazolanishini ma'lum qilib, boykot qilayotgan davlat xizmatchilariga tahdid qilgan.

General yangi saylovlar o‘tkazilishi va hokimiyat g‘olib tomonga topshirilishini va'da qilgan, shu bilan birga, saylovlar qachon o‘tkazilishini aytmagan.

Mavzu
Myanmada harbiylar isyoni
1 fevral kuni Myanmada harbiylar mamlakatning amaldagi rahbari Aung San Suu Kyini hibsga olib, hokimiyat armiya bosh qo‘mondoni Min Auing Hlaingga o‘tganini, bir yil davomida favqulodda holat rejimi amalda bo‘lishini e'lon qilishdi.
Barchasi
Top