Jahon | 13:06 / 10.05.2023
6894
2 daqiqa o‘qiladi

Inson huquqlari faollari Myanmadagi xuntaga bosimni kuchaytirishga chaqirdi

Myanma harbiy xuntasi har qanday norozilik namoyishlarini bostirish uchun bosimni kuchaytirmoqda. ASeAN sammiti munosabati bilan inson huquqlari faollari xunta bilan muzokaralarni to‘xtatish va muxolifat bilan aloqa o‘rnatishga chaqirdi.

Foto: AP

Indoneziyaning Flores orolida Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASeAN) sammiti munosabati bilan inson huquqlari tashkilotlari ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan Myanmada harbiy xuntaga bosimni keskin oshirishga chaqirdi. “Myanmada ikki yil oldingi davlat to‘ntarishidan keyin tinchlanish yo‘q, davom etayotgan zo‘ravonliklar asosan tinch aholi vakillariga ta’sir ko‘rsatdi va xunta har qanday norozilik namoyishlarini bostirish uchun oxirgi paytlarda o‘z ta’sirini kuchaytirdi”, — dedi Birma Inson huquqlari tarmog‘i (BHRN) 10 may, chorshanba kuni. 

"Myanmada qotilliklar, qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonliklar va yana yangi havo hujumlari odatiy holga aylangan. Bu rejim dunyo hamjamiyati insoniyatga qarshi har qanday jinoyatga juda zaif munosabat bildirgani uchungina omon qolmoqda", - deydi inson huquqlari tashkiloti rahbari Kyav Vin. 

Vinga ko‘ra, ASeAN davlatlari nihoyat xunta bilan muzokara olib borishga urinish befoyda ekanini tushunishi va buning o‘rniga demokratik muxolifatni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Tanqidchilar uzoq vaqtdan beri ASeAN davlatlarini Myanma harbiy rahbariyatiga nisbatan qattiqqo‘l emaslikda ayblab keladi. 2021 yil aprel oyida ASeAN davlatlari mojarolarni hal qilish bo‘yicha besh bandlik rejani kelishib oldilar. Boshqa narsalar qatori, u zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatish va mojaroning barcha tomonlari bilan muloqotni nazarda tutadi, biroq Myanmadagi xunta hozircha bu rejani amalga oshirish istagini ko‘rsatmagan.

Mavzuga oid