20:37 / 03.03.2021
9031
Qibrayda ikki gektar yerni 1 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qibray tumanidagi «Tuzel» massivida joylashgan 2 gektar yerni 1 million dollarga sotmoqchi bo‘lgan xususiy tadbirkor qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu tadbirkor muntazam ravishda noqonuniy yer oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.

Firibgar kelishilgan pulning 10 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, «Navoiy savdo» AJ rahbari mazkur jamiyatga tegishli 1 gektar yerni aksiyadorlarni xabardor qilmasdan noqonuniy ravishda 29,7 ming dollarga sotishga uringani aniqlandi. U Navoiy viloyati DXX boshqarmasi va Departament xodimlari tomonidan avans sifatida 50 million so‘m va 1,5 ming AQSh dollarini olayotganida qo‘lga olingan.

O‘zbek davlat yer tuzish ilmiy-loyihalash instituti Andijon viloyati filiali xodimi sholichilik bilan shug‘ullanish uchun Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi zaxirasidan 8 gektar yerni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ajratib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 10,4 ming dollar talab qilgan. U so‘ralgan puldan 1000 dollarini olgan vaqtda DXX va Departament xodimlari tomonidan ushlangan.

Yuqoridagi holatlar yuzasida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari doirasida mazkur noqonuniy holatlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Avvalroq Andijonda o‘ziga tegishli bo‘lmagan 1 gektar yerni 45 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan mansabdor ushlangani haqida xabar berilgandi.

Top