Jamiyat | 20:00 / 04.03.2021
17179
6 daqiqa o‘qiladi

«Asakacha ish uslubi–2»: Yolg‘on axborot, o‘zgartirilgan xabarlar, ammo o‘zgarmayotgan vaziyat

2 mart kuni Kun.uz saytida «Asakacha ish uslubi: o‘rganilmayotgan va e'tiborsiz qoldirilayotgan muammolar» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Muxbir Abduvali Qurbonov maqolasida Kun.uz’ning Andijon viloyati bo‘yicha Telegram kanalida yoritilgan bir qancha murojaatlar Asaka tuman hokimligi tomonidan e'tiborsiz qoldirilgani va munosabat bildirilmagani tanqid ostiga olingandi. Yana bir bor eslatamiz - maqoladan murod - kamchilik va muammolarga tuman mutasaddilarining e'tiborini tortish, e'lon qilinayotgan murojaatlarga munosabat bildirilishini tashkil etishga chorlash edi.

Afsuski, maqolaga tez orada berilgan munosabatda yolg‘on ma'lumotlar berilgani, ko‘zbo‘yamachilikka asoslanilgani, nihoyat, hokimlik yana o‘ziga xos o‘sha «yangicha ish uslubi»ni tanlaganiga guvoh bo‘ldik.

Viloyat hokimligi tomonidan e'lon qilingan rasmiy munosabat bandlariga birma-bir to‘xtalsak.

20 yanvar kuni Kun.uz’ning Andijon viloyati bo‘yicha Telegram kanalida tumandagi dehqon bozori oldidagi avtomobillar pala-partish joylashishi oqibatida yo‘llar to‘silib qolayotgani, mazkur holat piyodalar va boshqa haydovchilarga noqulaylik tug‘dirayotgani yuzasidan murojaat hamda vaziyatning fotosi e'lon qilingandi.

Telegram kanalida e'lon qilingan fotosurat. Tuman dehqon bozorining old qismidagi holat.

Murojaatda tuman bozorining OLDIdagi deyilganiga qaramasdan, viloyat hokimligi axborot xizmatining rasmiy munosabatida umuman boshqa joyda amalga oshirilgan ishlar tilga olingan.

Viloyat hokimligi munosabatida berilgan fotosurat: Asaka dehqon bozorining boshqa tomoni.

Asaka dehqon bozorining old qismining 3 mart kungi holati.

Bu ham yetmaganday, tuman hokimligining rasmiy telegram sahifasida qiziq holatga guvoh bo‘lish mumkin. Go‘yoki, hokimlik Kun.uz Telegram kanalida yoritilgan murojaatlarga 20 yanvar kuni, o‘z vaqtida munosabat bildirgan ekan. Endi quyidagi skrinshotlarga diqqat bilan qarang.

2 mart kuni Kun.uz saytida maqola e'lon qilingandan so‘ng tuman hokimligi Telegram kanalida 20 yanvar kuni e'lon qilingan «Yaxshilikka yetaklovchi o‘gitlar» sarlavhali xabar o‘rniga murojaatlardan biriga rasmiy munosabat joylashtirib qo‘yilgan.

17 fevral kuni «Chek» MFYda joylashgan xonadonlar oldidan o‘tgan ariqdagi suv sabab uylar nurab tushayotgani haqidagi videoxabarga hokimlik quyidagicha javob bergan:

«MFY hududidan o‘tgan ariqda shu mahallada istiqomat qiluvchi aholi bilan birgalikda chopib, tozalash ishlari olib borildi. Hozirda mahalla aholisiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi ko‘prik ham qurib bitkazilmoqda. Hozirda ko‘prik qurilishi davom etmoqda. Ayni kunlarda ko‘prikning ost qismiga beton quyilgani sababli u qurib bo‘lgandan so‘ng ko‘prik ustiga panjaralar qo‘yib, yopish ishlari amalga oshiriladi».

Ushbu murojaatni saytga yo‘llagan fuqaro bilan suhbatda ma'lum bo‘ldiki, aslida hokimlik tomonidan hech qanday ish amalga oshirilmagan. Yangi ko‘prikni murojaatchi o‘z shaxsiy mablag‘lari evaziga qurib bitkazmoqda.

«Chek» MFYda fuqaro o‘z mablag‘lari hisobidan barpo etayotgan ko‘prik

Bu ham yetmaganidek, yangicha ish uslubini o‘ylab topgan tuman hokimligi mutasaddilari yana Telegram kanalidagi eski xabarlardan birini tahrir qilib, uni rasmiy munosabatga o‘zgartirgan. Bu safar «Asakada obodonlashtirish davom etmoqda» sarlavhali xabar «qurbon» qilingan.

23 fevral kuni «Do‘rmon» MFY, Do‘rmon ko‘chasiga ichimlik suvi tushirish ishlari oxiriga yetkazilmay tashlab ketilgani va 25 fevral «Kun fotosi» rukni ostida tumandagi «Arg‘in» MFY, Jonon ko‘chasidagi holat haqidagi xabarlarga esa «Andijon suv ta'minoti» MChJ Matbuot xizmati kanalida munosabat bildirilgani ta'kidlangan. Biroq munosabatlarning har ikkisi ham maqola Kun.uz saytida e'lon qilingan kun — 2 mart kuni bildirilgan.

Yuqoridagi misollardan va suratlardan ko‘rinib turibdiki, 2 mart kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan tanqidiy maqoladan so‘ng Asaka tuman hokimligi mutasaddilari jurnalistlarning ko‘zini shamg‘alat qilib, eski xabarlarni keraklisiga o‘zgartirib qo‘yib, hamma ish o‘z vaqtida qilingan qabilida ish tutmoqda. Jo‘n qilib aytganda, ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanmoqda.

Andijon viloyat hokimligi axborot xizmati esa ularning bu harakatini tekshirib o‘tirmasdan, ularga ishongan holda rasmiy munosabat bildirmoqda va go‘yoki Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolada haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlar keltirilgandek, tasavvur uyg‘otilmoqda.

Biroq yolg‘onning umri qisqa. Bizning maqsad — kimningdir aybini oshkor qilish emas, shunchaki, ko‘tarilgan masalalarga e'tibor qaratilishi, muammolarga yechim izlanishi va fuqarolarning yashash tarzi yaxshilanishi.

Yuz berayotgan voqealardan tegishli mansabdorlar va tashkilotlar o‘zlari uchun kerakli xulosalar chiqarib olishlariga umid qilamiz. «Yangicha ishlash» uslublaridan esa xalq xizmati uchun foydalanishni tavsiya etamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Abduvali Qurbonov (fotolar),
Kun.uz muxbirlari

Mavzuga oid