13:45 / 04.03.2021
1805
Qozog‘iston bilan mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi

2019 yil aprel oyida imzolangan O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi mehnat faoliyati va mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

«Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan mehnat muhojirlari va O‘zbekistonda Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi bitim prezident qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatda belgilanishicha, 18 yoshga to‘lgan, ikkinchi davlat hududida qonuniy ravishda yashaydigan va u yerda qonuniy ravishda pullik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxs mehnat migranti sifatida qayt qilingan.

Hujjat mehnat migrantlarining ish haqini to‘lash va ularning daromadlaridan soliq to‘lash, pensiya va ijtimoiy ta'minot, o‘lim yoki shikastlanish holatlarida to‘lovlar va kompensatsiyalar, shuningdek, mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq jarohat, kasb kasalligi yoki boshqa sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash masalalarini tartibga soladi.

Shuningdek, ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, tegishli oliy ma'lumotga ega bo‘lgan pedagog va tibbiyot sohasi xodimlari mehnat migrantlarini qabul qiluvchi davlat qonunchiligida belgilangan ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibidan o‘tadilar.

Ma'lumot uchun, ushbu hujjat 2019 yil 15 aprelda Toshkentda imzolangan. Qozog‘iston prezidenti shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni 2020 yil 26 martda imzolagan.

Top