10:50 / 06.03.2021
4402
«Shaxsiy manfaat, tamagirlik ham yo‘q emas» - Ulug‘bek Toshkenboyev oliy ta'limda korrupsiya bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomalar haqida ma'lumot berdi

Joriy yilning 5 mart kuni Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Xalq ta'limi vazirligi hamkorligida «Ta'lim sifatini ta'minlash maqsadida o‘tkaziladigan jarayonlarda korrupsiyaning oldini olish» mavzusida videoseminar o‘tkazildi. Bu haqda Ta'lim inspeksiyasi axborot xizmati ma'lum qildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev ta'lim sifatini ta'minlash maqsadida o‘tkaziladigan jarayonlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma'lumot berdi.

Ulug‘bek Toshkenboyevga ko‘ra, «Oliy ta'lim tizimida korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida OTMlarda mingdan ziyod profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lib, talabalar fikri ijtimoiy so‘rovnomalar asosida muntazam o‘rganilgan hamda 340 nafar xodimning korrupsiyaga moyillik holati bo‘yicha intizomiy choralar ko‘rilgan.

Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i OTMlar reytingini aniqlash jarayonida yuqori bosqich talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar va ularning natijalari haqida ham ma'lumot berib o‘tgan.

Ma'lum qilinishicha, respublika bo‘yicha reytingda qatnashayotgan 57ta oliy ta'lim muassasasining 6 658 nafar yuqori kurs talabasi so‘rovnomada ishtirok etgan.

«Reytingda qatnashayotgan 57ta OTMning 6 658 nafar talabasi so‘rovnomada ishtirok etgan. «Biror o‘qituvchi talabani adolatsiz baholasa, bu quyidagicha namoyon bo‘ladi», degan fikrga talabalarning 15,3 foizi «javob berishga qiynalaman», 13,6 foizi «tanish-bilishchilik aralashadi», 7,5 «ta'limga xos bo‘lmagan topshiriqlar berishadi», 5,5 foizi «shaxsiy manfaat, tamagirlik ham yo‘q emas», deb javob bergan.

Shuningdek, «Zamonaviy bilim olish uchun to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar nimalar», degan savolga talabalarning 8,3 foizi «ta'limda mahalliychilik, urug‘-aymoqchilikning borligi», 20,9 foizi «ta'limdagi korrupsiya», deb javob bergan», deya so‘rovnomalar natijalarini ma'lum qildi Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i.

Top