14:37 / 08.03.2021
6292
AQSh Rossiyaga qarshi kiberhujumlar uyushtirmoqchi – OAV

 Bundan tashqari, Vashington Xitoyga qarshi kiberhujumlar uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: DPA

AQSh hukumati yaqin uch hafta ichida Amerika hukumati tarmoqlariga qilingan kiberhujumlarga javoban Rossiyaga qarshi bir nechta kiberhujumlar uyushtiradi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Gazetaning yozishicha, hakerlik hujumlari maxfiy tarzda amalga oshiriladi va dunyo sezmaydi, ammo «Rossiya razvedkasi, qurolli kuchlari va prezident Vladimir Putin» uchun sezilarli bo‘ladi.

Kiberhujumlar iqtisodiy sanksiyalar bilan uyg‘unlikda amalga oshiriladi. NYT manbalarining so‘zlariga ko‘ra, bu federal tarmoqlarga qilingan hujumlar uchun prezident Jo Bayden ma'muriyatining javobi bo‘ladi.

Bundan tashqari, Vashington Xitoyga qarshi kiberhujumlar uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 2 mart kuni Microsoft XXR hukumatiga qarashli Hafnium hakerlar guruhi kompaniyaning pochta servislariga hujum qilgani to‘g‘risida xabar bergandi..

Amerika hukumat tashkilotlari va yirik kompaniyalariga hakerlik hujumi uyushtirilgani haqida o‘tgan yilning dekabrida ma'lum qilingandi. Vashington ushbu hujum uchun Rossiya tashqi razvedka xizmatiga ishlaydigan Cozy Bear hakerlik guruhi javobgar deb topgan.

Top