Bloomberg: Xitoy iqtisodiyoti asta-sekinlik bilan global hukmronlik tomon intilmoqda
Xitoyning jahon YaIMdagi ulushi 14,5 foizga yetdi. Taqqoslash uchun, bu raqamlar 10 yil oldin 9,2 foizni tashkil qilgan.
2020 yilgi pandemiya cheklovlariga qaramay, Xitoy o‘tgan yil davomida iqtisodiy o‘sishga erishgan yagona yirik iqtisodiyot hisoblandi. Uning global ishlab chiqarishdagi ulushi so‘nggi o‘n yilliklarda eng yuqori sur'atlarda o‘sdi. Brukings instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, taxmin qilinganidan ikki yil oldin, ya'ni 2028 yilga kelib, Xitoy dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanishi mumkin.
Xitoyda virusning tez sur'atlarda bartaraf etilishi zavodlarga ishlab chiqarishni davom ettirishga imkon berdi. Natijada butun dunyo virusga qarshi kurashayotgan bir paytda o‘z niqoblaridan tortib noutbuklarga qadar bo‘lgan barcha narsalar eksportida o‘sishga erishdi. Yevropa Ittifoqining eng yirik savdo hamkori sifatida AQShni ortda qoldirdi.
Boston universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, Xitoyning rivojlanayotgan mamlakatlarga yo‘naltirgan xorijiy kreditlari hozirda Jahon banki bilan raqobatlasha oladi.
Ayni paytda Xitoyning jahon YaIMdagi ulushi 14,5 foizni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, bu raqamlar 10 yil oldin 9,2 foizni tashkil qilgan.
2020 yilda e'lon qilingan eng yirik kompaniyalarning Fortune-500 ro‘yxatidan Xitoyning 124ta kompaniyasi o‘rin oldi. Bu ro‘yxatga AQShning 121ta kompaniyasi kiritilgan.
Xitoy iqtisodiyoti Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyotining 71,4 foiziga yetdi.
Nima uchun bu muhim?
Xitoyning global o‘sishi, shubhasiz, mamlakatga hal qiluvchi bozor sifatida tayanadigan Braziliya, Germaniya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning tovar va sanoat tovarlari eksportchilari uchun muhimdir. Xalqaro biznes uchun Xitoy ulkan iste'mol bozori uchun kurashish nuqtasi hisoblanadi. Hozirda General Motors ham, Volkswagen ham har yili Xitoyda o‘z mamlakatlariga qaraganda ko‘proq avtomobil sotmoqda.
Xitoyning tobora o‘sib borayotgan iqtisodiy ko‘rsatkichlari Birlashgan millatlar tashkiloti va Xalqaro valuta jamg‘armasi kabi ko‘p tomonlama tashkilotlarda siyosiy ta'sirni kuchaytirmoqda.
So‘nggi yillarda Pekin siyosiy mojarolarda Xitoy bozori ahamiyatidan foydalanishga harakat qildi. Xususan, diplomatik mojarolar sabab Janubiy Koreya va Avstraliyadan import qilishni cheklab qo‘ydi. Natijada bu mamlakatlar tashqi savdosi jiddiy zarar ko‘rdi va murosa qilishga majbur bo‘ldi.
Shuningdek, u Jahon banki kabi AQSh tomonidan boshqariladigan institutga qarama-qarshi ravishda «Bir makon, bir yo‘l» dasturi doirasida kambag‘al va rivojlanayotgan davlatlarga kredit berishni ko‘paytirdi.
Postpandemiya dunyosida Xitoyning kuchayib borayotgan siyosiy ta'siri dunyoning yetakchi davlatlari orasida Pekin bilan qanday munosabatda bo‘lish borasidagi munozaralarning dolzarbligini oshirishi mumkin.
2028 yilda Xitoy iqtisodiyoti AQShni ortda qoldiradimi yoki yo‘q, bu mavhum masala, ammo hozircha uning kuchi va ta'siri asta-sekin o‘sishda davom etmoqda.
Oq uy Xitoy bilan savdo urushini davom ettiradigan bo‘lsa, Amerika iqtisodiyoti o‘n yil ichida bir trillion dollardan ortiq mablag‘ni yo‘qotishi mumkinligi ma'lum qilingandi.
Shuningdek, o‘tgan yil davomida xorij kompaniyalarining XXR iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari 4 foizga o‘sgani, AQShda esa bu raqamlar 49 foizga pasaygani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
19:51 / 24.04.2023
O‘zbekiston eksportida Rossiya birinchi o‘ringa ko‘tarildi
15:51 / 24.04.2023
O‘zbekiston Xitoydan 2 mlrd dollarlik mahsulotlar sotib oldi
13:48 / 23.04.2023
Xitoyning Fransiyadagi elchisi Qrim statusi va sobiq SSSR davlatlari suverenitetini shubha ostiga oldi
11:25 / 21.04.2023