21:04 / 11.03.2021
9479
Shavkat Mirziyoyev: Suvdan foydalanish va energetika masalalarini ham batafsil muhokama qildik

Endilikda O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlariga ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha har oyda bir marta hisobot kiritiladi. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qirg‘iz hamkasbi bilan Toshkentda kechgan tor doiradagi uchrashuvdan so‘ng shunday bayonot berdi.

Bugun, 11 mart kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Tashrif doirasida Ko‘ksaroyda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan tor doirada muzokaralar o‘tkazildi.

Shundan so‘ng kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev o‘z hamkasbi bilan barcha masalalarni batafsil muhokama qilganidan mamnun ekanini bildirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Endi har oyda bir marta ikki tomonlama masalalar bo‘yicha bevosita prezidentlarga hisobot topshiriladi. Biz nimanidir kelishgan bo‘lsak, uni bajarishimiz, buni xalqlarimiz his qilishlari kerak. Endi ikki tomonlama ayirboshlashni ikki barobar oshirish ustida ishlashimiz zarur. Birgina O‘sh shahrida 50 dan ortiq loyihalar ustida ish olib borishni rejalashtirdik.

Suvdan foydalanish va energetika bo‘yicha ham batafsil muhokama qildik va endi bu masala muntazam tarzda onlayn nazoratda bo‘ladi.

Shuningdek, chegara viloyatlar hokimlari doimiy aloqada bo‘lishlariga kelishdik. O‘zbekistonda Qirg‘iziston, Qirg‘izistonda esa O‘zbekiston kunlarini o‘tkazish uchun kelishuvlarga erishdik.

Eng muhimi, har bir masala bo‘yicha Sadir Nurgojoyevich bilan har bir masala, har bir savol ustida umumiy fikrga keldik», – dedi Mirziyoyev.

Tadbirda so‘z olgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga taklif uchun minnatdorchilik bildirdi va ikki davlat azaldan do‘stona aloqalar tarafdori bo‘lgani to‘g‘risida so‘zladi.

«Ikki tomonlama aloqalar tufayli chegaralar delimitatsiyasi bo‘yicha ishladik va 85 foiz chegara hududlari bo‘yicha natijaga erishdik hamda bu masalada ishlarni davom ettirmoqdamiz.

Chegara masalalaridagi barcha muammolarni hal qilishda o‘zaro hamfikrligimiz qo‘l kelishiga ishonaman. Eng muhimi, bu masalada ziddiyatlardan qochish lozim», – ta'kidladi Qirg‘iz Respublikasi prezidenti.

Top