17:39 / 15.03.2021
79102
Saylovchilar faqat haydovchilar emas. Kusherbayevning haqoratli posti, uning o‘chirilishi va qoidabuzarlikdan xabar beruvchilar haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev yo‘llardagi qoidabuzarlikni rasmga olib pul ishlashga oid tartibni «kozyollar» jamiyatini yaratish, deb baholadi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, arzimas pulga birovlarning qoidabuzarligini sotgan odam, kattaroq pulga Vatanni ham sotishi mumkin ekan.

Rasul Kusherbayev o‘z Telegram kanalida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni suratga olib DYXHBga jo‘natuvchilar haqida post qoldirdi. Videomurojaat shaklida qilingan post ostida deputat avval «Xususiy radar [o‘rnatib] hamda qoidabuzarlikni rasmga olib, sotib pul ishlayotganlar haqida: ular bugun 10 ming so‘m uchun odamlarni sotsa, ertaga 100 ming so‘m uchun Vatanini ham sotishi mumkin», deya izoh qoldirdi.

Sal o‘tmay izoh «Qoidabuzarlikni rasmga olib pul ishlayotganlar haqida: ular bugun 10 ming so‘m uchun odamlarni sotsa, ertaga 100 ming so‘m uchun Vatanini ham sotishi mumkin», deb o‘zgartirdi.

Yana birozdan so‘ng esa postni o‘chirdi. Lekin videomurojaat virusli videoga aylanib, telegramdagi turli kanallarda aylana boshladi.

O‘zi, qoidabuzarliklarni suratga olib, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga jo‘natish masalasida so‘nggi vaqtlarda jamiyat ikki frontga bo‘lingan edi. Kusherbayevning gapini ma'qullaganlar ham, unga qarshi chiqqanlar va uni populistlikda ayblaganlar ham.

Ha, boshdan-bosh kimlardir bu ishni oqlayapti, yana kimlardir (asosan, haydovchilar) mutlaqo yoqlamayapti. Bu ish musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, degan gaplar ro‘kach qilinmoqda.

Men ham bu borada o‘zimning shaxsiy sub'yektiv fikrlarimni hamda ayrim takliflarimni berishga jazm qildim.

Shu o‘rinda, o‘zim haqimda: 2006 yildan buyon mashina haydayman. Imkon qadar qoida buzmaslikka harakat qilaman. To‘g‘ri, yilda 1-2 marta jarima to‘layman, busiz ilojsiz. Viloyatlarda yuraman, asosan, notanish yo‘llarda tezlikni oshirib, radarga tushaman. Umuman, bilib-bilmay qilgan biror qoidabuzarligim uchun to‘xtatilib, jarimaga tortilsam — hushyor tortaman, o‘sha qoidabuzarlikni hech qachon qayta qilmayman, o‘sha joyda doimo hushyor bo‘laman. O‘ylaymanki, ko‘pchilikda shunday.

Yo‘llardagi raqamlar nimadan so‘zlaydi?

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, karantin joriy etilib, ayrim oylarda respublika bo‘ylab avtomobillar harakati cheklangan 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda qariyb 4300ta YTH sodir bo‘lgan. Unda 3886 nafar odam jarohatlangan, 1293 nafar inson halok bo‘lgan. 2019 yilning uch choragida bu ko‘rsatkich 4804ta YTH, 5058 nafar jarohatlanganlar va 1398 nafar halok bo‘lganlarni tashkil etgandi.

2020 yilning 9 oyida jami qariyb 4 millionta qoidabuzarlikning yarmidan ko‘pi — 2,1 millioni qo‘pol qoidabuzarliklardir.

IIV YHXBB hali 2020 yil uchun yakuniy statistikani e'lon qilmagan. Natija yanada dahshatliroq ko‘rinish oladi, bu — aniq. Bularga hech kim ko‘rmay qolgan qoidabuzarliklarni ham qo‘shing. Chamalang va O‘zbekistondagi 3 milliondan ziyod avtomobillarga bo‘ling.

E'tirozga sabab bo‘layotgan tashabbus

Albatta, qo‘pol qoidabuzarliklarni faqat jarima yordamida bartaraf etish mumkin. YPX xodimlari ko‘p emas, butun yo‘llarni faqat ularning o‘zi bilan nazorat qilish imkonsiz. Yo‘llarni, chorrahalarni kameralashtirish ham yetarli natija bermayapti. Chunki minglab kameralarda aks etayotgan qoidabuzarlikni kuzatib, aniqlab borish ham katta ishchi kuchi talab etadi.

Shu vajdan, DYHXBning fuqarolardan madad so‘rashi va bu «beminnat xizmatlari» uchun mukofot puli va'da qilishini ham tushunish mumkin. Maqsad — ko‘pchilik o‘ylaganidek, «kambag‘alning yoqasini yirtish» emas, yo‘llardagi harakatni biroz bo‘lsa-da tartibga solish.

Haydovchilar (ayniqcha kirakashlar)ning e'tiroziga sabab bo‘layotgan narsa esa, telefoni bilan «davlat xizmati»ga otlangan faol fuqarolar chindan ham qo‘pol, odamlar hayotiga tahdid soladigan harakat chog‘idagi qoidabuzarliklar emas, to‘xtash taqiqlangan joylarda to‘xtab turgan avtomobillarni suratga olib yuborishlari bo‘lmoqda. Bu ishni kasb qilib olganlar borligi iddao ham qilinmoqda (Garchi bu bir taxmin, bunga aniq bir isbot yo‘q bo‘lsa-da). Chunki bu qoidabuzarlikning jarimasi kichkina emas — 735 ming so‘m. O‘zbekistondagi o‘rtacha maoshning qariyb yarmiga teng. Kirakashlar ham oyiga ishlasa, tiyinni tiyinga ulab 3 millioncha pul topadi. Bitta jarima daromadning chorak qismini «o‘pirib» ketadi.

Aynan mana shu jihat «kalamushlik», «josuslik», «chaqimchilik», «kozyollik» yomon odat ekanligi, karantindan zo‘rg‘a jon saqlab chiqqan «kambag‘alning rizqini qiyganlik», «erkak kishining ishi emasligi», «bu yo‘l bilan topilgan pullar harom» ekanligi borasidagi gap-so‘zlarni urchitmoqda.

Ammo yo‘l qoidasini buzish ham mumkin emas, uni kechirib yuborish, jarimalar miqdorini kamaytirish ham yaramaydi. Ayniqsa, qoida qasddan buzilsa. Bu tomoni haqida e'tirozchilar kamroq gapirishmoqda. Holbuki, shu aytilayotgan qoidabuzarliklarni YPX xodimi aniqlab rasmiylashtirsa — hech qanday e'tiroz yo‘q.

Six ham, kabob ham kuymaydigan yo‘l bormi?

Bor!

Katta shaharlarda to‘xtash taqiqlangan zonalar to‘liq kameralashtirilishi kerak. Shu belgi o‘rnatildimi — albatta kamerasi ham bo‘lsin. Jarima katta, o‘zini oqlaydi.

Fuqarolardan bu qoidabuzarlik bo‘yicha videomateriallar qabul qilinmasin, mukofot puli berilmasin.

Kameralar va radarlar o‘rnatishni xususiy tadbirkorlarga berish haqida gapirildi. Ana shunday zonalarni auksion orqali tadbirkorlar (YaTT va yuridik shaxslar)ga ham berish mumkin. Mohiyatan, bu kamerani davlat o‘rnatdi nima, firma hujjatlashtirib o‘rnatdi nima? Maqsad — qoidabuzarlikni qayd etib, uning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Albatta, bu holatda kameralar tushiradigan tasvir vositasida to‘xtash mumkin bo‘lmagan joyda ma'lum bir vaqt oralig‘idan, aytaylik, 1-5 daqiqadan ko‘proq to‘xtab turgan avtomobillarni jarimaga tortishi kerak bo‘ladi. To‘xtab, yo‘lovchisini tushirib ketgan kirakashni emas.

Yoki xuddi chet ellardagidek, katta shaharlarda mahalliy hokimlik qoshida noto‘g‘ri «parkovka» bilan shug‘ullanadigan, mashinalarni evakuatorga ortib olib ketadigan departamentlar tashkil etilishi kerak.

Yana bir muhim jihat: harakat chog‘ida olinadigan qoidabuzarliklar faqat avtomobillarda o‘rnatilgan videoregistratorlarning sana va soatlari ko‘rsatilgan tasvirlari bilan qabul qilinishi kerak. Chunki qoidabuzar haydovchining nechog‘lik xavfli vaziyat sodir etganini boshqa bir haydovchi juda yaxshi baholay oladi.

Qoidabuzarliklar xavfli vaziyatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan uchastkalarda (svetoforlarda) ham to‘liq kameralashtirilishi kerak. Xususiy firma va tadbirkorlarga ana shunday joylar auksion orqali topshirilishi lozim.

Chunki, kameraga tushirishni kasb qilib olgan (haydovchilarning nafratga duchor) shaxslar kabi, qoidabuzarlikni kasb qilib olgan haydovchilar ham yo‘llarimizda talaygina. Ular birovning yo‘li, vaqti, sog‘lig‘iga daxl qilishmoqda. Kim mashina haydasa — bu gapimga qo‘shilmasdan iloji yo‘q. Hammamiz yo‘llarda tirbandlik chog‘i yo‘lning qarama-qarshi qismidan chiqib yuradigan, svetoforning qizil chirog‘ini nazar-pisand qilmaydigan «uchar»larni deyarli har kuni uchratamiz.

Ular aynan YPX xodimi qoidabuzarligini ko‘rmayotgani uchun qoida buzadi. Bunday qasddan sodir etgan qoidabuzarligini oshkor qilganlarni albatta, u yomon ko‘radi. Lekin «kamerachilar» paydo bo‘lganidan buyon baribir juda ko‘pchilik uyoq-buyog‘iga qarab yuradigan bo‘ldi.

Shu sababli bu tashabbusdan butunlay voz kechmaslik kerak. Baribir u yo‘llarimizni tartibga tushishi, haydovchilarimizning qoida buzishlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Hozir biz havas qiladigan juda ko‘p davlatlar avval boshdan shunday qilib tartib-intizom o‘rgangan.

Kusherbayev va u bilan hamfikrlar esa kimlardan «dividend» olmoqchi bo‘layotganini yana bir qur o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi (Hurmatli deputat, sizga faqat «shopirlar» emas, piyodalar ham ovoz beradi. O‘zbekistonda esa hozircha har 10 odamdan faqat birida mashina bor, xolos).

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti

P.S. Ba'zi bir takliflarim bilan ham o‘rtoqlashmoqchiman: Ayrim jarimalarni ham qayta ko‘rib chiqish kerak. Masalan, avtobus bekatlari va trotuarlarga avtomobilni parkovka qilganlik uchun ham jarima 3 BHMgacha oshirilishi kerak. Avtomobil egalari hech qanaqasiga piyodalar uchun ajratilgan zonani egallashga haqli emas va buning uchun yaxshiroq jazolanishi lozim.

Tezlik uchun jarimalar ham «birinchi marta uchun buncha», «ikkinchi marta uchun buncha» tarzida belgilanishidan voz kechaverish kerak. Baribir fotoradarlar paydar-pay tushganlarga ham xuddi u yil davomida birinchi marta tushgandek yozyapti jarimalarni. Faqat belgilanganidan 20 km/soatgacha ko‘p, 21-40 km/soat oralig‘idagi va 41 km/soatdan yuqori tezliklar uchun jarimalar qoldirilsa bo‘ldi.

Yana katta magistral yo‘l yoqalaridagi aholi punktlarida fotoradarlar ko‘paytirilishi kerak. Magistral yo‘l yoqalaridagi maktab va bog‘chalar oldida tezlik limiti ish kunlari 50 km/soatgacha pasaytirilishi va albatta radar qo‘yilishi lozim.

Top