14:37 / 16.03.2021
4176

4 milliard so‘mlik tovarlarning noqonuniy olib o‘tilishi to‘xtatildi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi «Olot» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtomashinasi belgilangan tartibda, xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ko‘rikda tovarning yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 1 mlrd so‘mlik poyabzal xomashyolari tovarlari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda, mazkur postga qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk avtomashinasidagi yuk kuzatuv xujjatlarida keltirilgan tovarning vazni shubha uyg‘otgani sababli, avtomashina bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashina yukxonasida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan, umumiy qiymati 1 mlrd 77 mln so‘mlik qora sedana yog‘i mahsulotlari borligi aniqlandi.

Boshqa bir holatda, «Olot» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtomashinasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda tovarlarning yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan, umumiy qiymati 1 mlrd 847 mln so‘mlik kanselyariya tovarlari borligi aniqlandi.

G‘ildirak ichiga nimalar yashirilgan edi?

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi «Farg‘ona» chegara bojxona posti xodimlari qo‘shni davlatdan mamlakatimizga kirib kelayotgan fuqaro Yu.B. boshqaruvidagi «Lasetti» avtomobilini bojxona nazoratidan o‘tkazdi.

Avtomashina salon qismiga va yukxonasidagi qo‘shimcha g‘ildiragi ichiga ustalik bilan joylangan, xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan hamda aksiz markalari bilan markalanmagan 5 dona 5 litr hajmli sellofan paketlarda jami 25 litr spirtli ichimliklar va 32 dona 14,4 litr alkogolli energetik ichimliklar yashirilgani aniqlandi.

Yana bir shunga o‘xshash holatda mazkur post orqali O‘zbekistonga kirish uchun harakatlangan fuqaro Yu.Sh. boshqaruvidagi «Neksiya» avtomobili ham bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, mashinada bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan hamda aksiz markalari bilan markalanmagan, avtotransport vositasining oldi eshiklari orasiga va yukxonasi ichiga yashirilgan 500 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Bojxonachilar hujjatlardan tushib qolgan 1 mlrd so‘mdan ortiq tovarlarni fosh etishdi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi «Chuqursoy texnik idorasi» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari xorijdan yurtimizdagi MChJlardan birining nomiga yuk konteynerida keltirilgan, yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga asosan «Texnologik asbob-uskuna» deya ko‘rsatilgan tovarlarning inspeksion ko‘rik majmuasidan olingan tasvirlar o‘rtasida tafovut mavjudligi sababli bojxona ko‘rigidan o‘tkazishdi.

Natijada, mazkur yuk konteynerida hujjatlarda umuman qayd etilmagan, og‘irligi 25 tonnadan ortiq bo‘lgan, qiymati 1 mlrd 196 mln so‘mlik 149 turdagi xo‘jalik va qurilish mollari tovarlari borligini aniqlashdi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan tekshiruvlar davom ettirilmoqda.

Top