18:45 / 19.03.2021
23233
«Lasetti» haydovchisi mashinani orqaga boshqarayotib yosh bolalarni urib yubordi. Qoidabuzarlik kameraga yozib olingan

Qarshida "Lasetti" haydovchisi yo‘lni kesib o‘tayotgan ikki bolani urib yubordi.

13 mart kuni soat 14:30larda, Qarshi shahar I.Karimov ko‘chasida joylashgan "Chinor" restorani ro‘parasida haydovchi Sh.S. "Lasetti" avtomobilini orqaga boshqarayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 8 yoshli S.A. va 9 yoshli A.A.ni urib yubordi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Natijada, voyaga yetmagan bolalar tan jarohati olib, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Sudga oid tibbiy ekspertiza voyaga yetmagan bolalar yengil tan jarohati olganliklari haqida xulosa bergan.

Holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB YHXB tomonidan surishtiruv o‘tkazilib, tegishli hujjatlar to‘plangan va jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga yuborilgan.

“Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga rioya qilishni, piyodalarga e'tiborli bo‘lishni so‘rab qolamiz”, deyiladi ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 martdan boshlab yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, shu maqsadda hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Yo‘l harakat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan ushbu choralarga nisbatan jamoatchilik tomonidan turli nuqtayi nazarlar bildirilmoqda. Qarshi shahrida yuz bergan hodisa sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligini isbotladi.

2020 yil davomida respublikada 6 982ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, oqibatda 1 962 nafar inson vafot etgan.

Qoidabuzarliklarning avtomatik ravishda qayd etilishi bo‘yicha aniqlanadigan holatlar davlat yoki xususiy sektor vakillarining moddiy ahvolida katta o‘rin tutmaydi. Aksincha, jamiyatda xavfsizlikni ta'minlash, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishda jiddiy yordam bo‘lib xizmat qilishini yoddan chiqarmaslik lozim.

Bundan oldin, yo‘llarda qoidabuzarlikni aniqlovchi kameralar o‘rnatilishida hisobga olish kerak bo‘lgan jihatlar sanalgandi.

Top