13:20 / 24.03.2021
3968
«Funksional vazifasiga kirmaydigan har qanday ish: iltimosmi, tahdidmi - hammasi majburiy mehnat» - Tanzila Norboyeva
Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senati huzuridagi majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish milliy komissiyasi yig‘ilishida Senat raisi Tanzila Norboyeva  majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va kamchiliklar haqida gapirdi.

Senat raisi o‘tgan yil davomida yo‘l qo‘yilgan majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlarga to‘xtalib, o‘z vazifasidan tashqari ishlarning har qanday ko‘rinishlariga jalb etish majburiy mehnat ekanini ta'kidladi.

«Ayrim mahalliy hokimliklar, vazirlik, idoralar va ularning quyi tuzilmalari tomonidan xodimlarning o‘z funksional vazifalariga kirmaydigan ishlarga majburiy jalb qilish holatlari hali ham uchramoqda.

O‘tgan yili obodonlashtirish ishlarini tashkil etishda 49ta majburiy mehnatga jalb etish holati aniqlangan. Bu ajratib olib o‘rganilganda shuncha, endi buni uchga, beshga, o‘nga ko‘paytirib ko‘rishingiz mumkin.

Obodonlashtirish, «Obod mahalla», «Obod qishloq» uchun chaqirib ishlatish majburiy mehnat emas, degan fikr noto‘g‘ri. O‘z funksional vazifalariga kirmaydigan har qanday mehnat: iltimos qiladimi, tahdidmi — hammasi majburiy mehnatga kiradi», dedi Tanzila Norboyeva.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida hududlarda bir necha holatda voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb etish aniqlangani aytilib, 2021 yil 12 fevraldan boshlab voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangani ta'kidlandi.

«Joriy yilning o‘tgan davri davomida Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida 7ta shu kabi holat aniqlangan. Bularning barchasi xalq ta'limi muassasalarida kuzatilgan. 4ta holatda voyaga yetmaganlar, ya'ni o‘quvchilar obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilgan.

29 yanvar kuni Toyloq tumanidagi 13-maktab direktorining o‘rinbosari 5- va 8-sinf o‘quvchilarini obodonlashtirish ishlariga jalb etgan. Shofirkon tumanidagi 33-maktab direktori esa o‘quvchilarni o‘z xonadonidagi chiqindilarni tozalashga majburan olib borgan.

2021 yil 12 fevraldan boshlab voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilandi. Endi shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga ogohlantirish berilmaydi, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Bolalar mehnati bilan bog‘liq dastlabki holat uchun jinoiy javobgarlik belgilanganidan keyin ham bu ishlar davom ettirilmoqda. Masalan, Angor tumanidagi 28-maktab, Koson tumanidagi 12-maktab o‘quvchilari dars vaqtida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Holat yuzasidan tegishli hujjat rasmiylashtirilib prokuraturaga taqdim etilgan.

Biz OAV va blogerlardan shu haqda ko‘proq yoritishlarini so‘raymiz», dedi Senat raisi.

Top