15:27 / 25.03.2021
11150
Suvaysh kanali to‘silib qolganidan so‘ng neft narxi ko‘tarilib ketdi

Brent rusumidagi neftning bir barreli narxi 5,77 foizga ko‘tarilib, 64,3 dollarni tashkil etdi.

Foto: REUTERS

Dunyodagi eng katta konteyner tashuvchi kema Suvaysh kanalida tiqilib, harakatni to‘xtatib qo‘yganidan so‘ng neft narxi keskin ko‘tarildi, deb yozadi City A.M.

24 mart kuni Brent rusumidagi neftning bir barreli narxi 5,77 foizga ko‘tarilib, 64,3 dollarni tashkil etdi. WTI rusumidagi neft narxi 24 soat ichida 5,14 foizga ko‘tarilib, bir barreli 60,73 dollarga chiqdi. 

"Neft narxi kanalni to‘sib qo‘ygan kema bir necha kun turib qolishi ehtimoli sababli oshib ketdi", - dedi OANDA bozori tahlilchisi Edvard Moyya.

Eslatib o‘tamiz, 24 martga o‘tar kechasi uzunligi 400 metrli Evergreen konteyner tashuvchi kemasi Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib, O‘rta yer dengizi va Qizil dengizni bog‘lovchi kanalda kemalar qatnovini to‘liq to‘xtatib qo‘ydi.

Suv sig‘imdorligi 200 ming tonnani tashkil qiluvchi kema kanalga ko‘ndalang turib qolgan va ikki tomonlama harakatni to‘sib qo‘ygan. Natijada Suvaysh kanalida 10 million barrelga yaqin neft mahsulotlari olib ketayotgan 100dan ortiq kemadan iborat tirbandlik paydo bo‘ldi. 

Mavzu
Suvayshda tirbandlik
Ulkan kema Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi, buning ortidan dunyoda neft narxi keskin o‘sdi.
Barchasi
Top