Jahon | 11:36 / 26.01.2024
4625
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: Suvaysh kanali orqali savdo qilish hajmi 42 foizga kamaydi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, husiychilarning hujumlari tufayli kanal orqali har hafta o‘tadigan konteyner kemalari soni o‘tgan yilga nisbatan 67 foizga kamaydi. Neft tranziti 18 foizga qisqardi.

Foto: AP

Yaman husiychilarining Qizil dengizdagi kemalarga hujumi Suvaysh kanali orqali savdoga katta ta’sir ko‘rsatdi. Payshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot konferensiyasi (YuNKTAD) eksperti Yan Xoffmanning aytishicha, kanal orqali savdo so‘nggi ikki oy ichida 42 foizga kamaydi. «Biz Qizil dengizdagi kemalarga qilingan hujumlardan juda xavotirdamiz», dedi u.

Suvaysh kanali orqali har hafta o‘tadigan konteyner kemalari soni o‘tgan yilga nisbatan 67 foizga, neft tranziti esa 18 foizga kamaydi, deydi BMT eksperti.

Qizil dengiz va Suvaysh kanali jahon savdosining markaziy yo‘llari hisoblanadi. Har yili Suvaysh kanali orqali 20 mingga yaqin kemalar o‘tadi. Yamanlik isyonchilarning hujumlari tufayli ko‘plab yirik yuk tashish kompaniyalari bu yo‘ldan qochishga qaror qildi. Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi yo‘lda konteyner kemalari Afrika janubini aylanib o‘tishi kerak, bu esa sezilarli darajada ko‘proq vaqt va yuz minglab yevro miqdoridagi qo‘shimcha yonilg‘i xarajatlarini talab qiladi.

Husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilmoqda

Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilari 2023 yil oktyabr oyida HAMAS harakati Isroilga hujum qilganidan beri Qizil dengizdagi tijorat kemalariga muntazam ravishda uchuvchisiz uchoqlar va raketalar bilan hujum qilib keladi. Husiychilar Yaqin Sharqdagi mojaroga HAMAS tomonida kirganini e’lon qildi.

AQSh va Buyuk Britaniya harbiylari Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Niderlandiya ko‘magida Yamandagi husiychilar nishonlariga zarba bermoqda. Aniq boshqariladigan snaryadlar yordamida qilingan hujumlar Qizil dengizdagi savdo va harbiy kemalarga husiychilarning zarbalariga javob bo‘ldi, deyiladi ittifoqchi davlatlar qo‘shma bayonotida. 17 yanvar kuni AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Vashington husiychilarni global miqyosda faoliyat yuritayotgan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga qaytarganini e’lon qildi.

Mavzuga oid