O‘rta Yer dengizini Qizil dengiz bilan bog‘laydigan Suvaysh kanalining dunyo iqtisodiyotida tutgan o‘rni judayam katta. Yevropadan Osiyo, Afrika va Avstraliyaga yuborilayotgan yoki aksincha yo‘nalishda tashilayotgan yuklarning asosiy qismi shu kanal orqali o‘tadi.

Tarixchilar kanal qadimgi Misr davrida ham bo‘lganini aytishadi. Bu qanchalik haqiqat? Quyida kanal tarixi va uning jahon iqtisodiy aloqalaridagi ahamiyati haqida so‘z yuritamiz.

Suvaysh kanali jahon savdo aloqalarida eng muhim yo‘l hisoblanadi. Mazkur kanalning ahamiyati XX asrning ikkinchi yarmidan so‘ng Fors ko‘rfazida yirik neft konlarining topilishi va XXI asrda Xitoyning keskin iqtisodiy rivojlanishi ortidan yanada oshdi.

Bugun dengiz orqali tashilayotgan neftning katta qismi va Janubiy-Sharqiy Osiyodan Yevropaga yuborilayotgan yukning barchasi shu kanal orqali o‘tadi.

XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Yer dengizi va Qizil dengizni o‘zaro bog‘laydigan kanal qurilishi loyihasi qilinayotganda aksariyat olimlar mazkur kanal hudud ekologiyasiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishgan.

Amalda esa teskarisi bo‘ldi. Cho‘llarni kesib o‘tayotgan kanalda dengizning sho‘r suvi oqsa-da hudud ekologiyasi qayta tiklandi. Shuningdek, O‘rta Yer va Qizil dengizning flora va faunasi o‘zaro almashib, boyidi.

Qadimgi Misrda qazilgan birinchi kanal tarixi

Misrda Nil daryosini Qizil dengiz bilan tutashtirish uchun kanal qazish tarixi eramizdan avvalgi 2 ming yilga borib taqaladi. O‘sha paytda Nil daryosidan sahro bo‘ylab Qizil dengiz tomonga kanal qazila boshlangan. U «Fir’avnlar kanali» deb nomlangan.

Aristotel bu kanalni Sesostris deb atagan. Kanal qurilishi bir necha asr davom etgan va oz-ozdan sahrolar orqali Qizil dengiz tomonga qarab siljiyvergan. Eramizdan avvalgi 7-asrga kelib u qariyb bitgan.

Shundan so‘ng Qizil dengizdagi kemalar kanal orqali O‘rta Yer dengiziga ham chiqa olgan. Ushbu kanal haqida Aristoteldan tashqari, Gerodot, Diodor, Strabon ham ma’lumotlar yozib qoldirgan.

Qadimgi Misrda qazilgan kanal tasvirlangan xarita

Eramizdan avvalgi 1-asrda Misr rimliklar tomonidan egallanadi. 98-117 yillarda Rim imperiyasini boshqargan Trayan kanalni kengaytiradi va qum bilan to‘lib qolgan joylarini qaytadan qazdiradi. Shu sababli u «Trayan kanali» deb nom oladi. Biroq kanal yana qarovsiz holda qolib ketadi va aksariyat joylarini qum bosadi.