17:54 / 26.03.2021
50451

Japarov birinchisi emas. Qamalib chiqqan davlat rahbarlari

Arxiv foto/AKIpress

Qirg‘iziston siyosiy hayoti ajoyibotlarga to‘la davlat. Har 10 yilda bir davlat to‘ntarishi, muntazam mitinglar uyushtirilib turiladigan bu mamlakatda prezident ne-ne umidlar bilan yurt boshqaruviga chiqariladi va yana shuncha nafrat bilan quvib yuborilaveradi. Amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovning yaqinda ham qamoqda o‘tirgani, tushkunlikdan hatto o‘z joniga qasd qilishga uringani ham Qirg‘iziston siyosat olami aql bovar qilmas holatlarga boyligini anglatadi. Lekin dunyo tarixida panjara ortidan chiqib kelib, davlatning eng yuqori lavozimini egallagan insonlar talaygina.

Ko‘pchilik tarixda qamoq mazasini totib, davlat boshqaruviga kelgan Lenin, Stalin, Gitler, Tito, Mussolini kabilarni biladi. Ammo yaqin o‘tmishda ham bunday davlat rahbarlari bo‘lgan. Quyida prezidentligi davrida yoki taxtdan tushganidan so‘ng qamalganlar emas, aynan hokimiyat tepasiga kelguncha panjara ortidagi hayotni ko‘rgan hukmdorlar haqida o‘qiysiz.

Fidel Kastro

Foto: Getty Images

Kubaning mashhur yo‘lboshchisi 1953 yilda, 26 yoshida Fulgeniko Batista hukumatiga qarshi isyon ko‘taradi va tarafdorlari bilan Monkada kazarmasiga hujum uyushtiradi. Jangda yengilgan Kastro tez orada qo‘lga tushadi va sudda “Tarix meni baribir oqlaydi”, deya otashin nutq irod qiladi. 15 yilga qamalgan Fidelni isyonchilar xavf tug‘dirmaydi, deb o‘ylagan Batistaning o‘zi 1955 yilda afv etadi. Oradan 4 yil o‘tib Kastro o‘z tarafdorlari bilan davlat to‘ntarishi uyushtirishga muvaffaq bo‘ladi.

Ugo Chaves

Foto: AP Photo / Fernando Llano

Venesuelani 1999 yildan 2013 yilga qadar boshqargan polkovnik Chaves 2 yil davomida o‘z g‘oyalarini panjara ortida toblagan. 1992 yilning 4 fevralida Ugo Chaves boshliq qo‘shinlar poytaxt Karakasga kirib kelishadi. Biroq ko‘pchilik kutganidek Chaves hokimiyatni egallamaydi, aksincha, hammasini qayta qurish va milliy assambleya tuzish taklifi bilan cheklanadi.

Xuddi shu kunning choshgohida u qurolini topshiradi va tarafdorlarini ham shunga chaqiradi. Ammo bir qarashda oliyjanoblik ko‘ringan bu taslim bo‘lish hibsga olinish bilan yakunlanadi va Chaves keyingi ikki yilni qamoqda o‘tkazadi.

Nelson Mandela

Foto: Leon Neal/AFP/Getty Images

JARning birinchi qora tanli prezidenti, 1994-1999 yillar oralig‘ida davlatni boshqargan. 1962 yilda 17 oylik qochib yurishdan keyin Mandela qo‘lga olindi va Yoxannesburgdagi qamoqqa hibs qilindi. Unga ishchilar g‘alayonini uyushtirish va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish kabi ayblovlar qo‘yildi va sud qilinib, 5 yilga hukm o‘qildi. Ammo keyinchalik uning faoliyati bo‘yicha surishtiruvlar olib borildi va davlat to‘ntarishiga urinish, mavjud tuzumni kuch bilan ag‘darishga oid qo‘shimcha ayblovlarga ko‘ra umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Aparteid tuzumga qarshi kurashi, asosan, bir kishilik kamerada umrining 27 yilini o‘tkazgani va metin irodasi tufayli u dunyoviy shuhratga erishdi. Uning yagona huquqi 6 oy davomida bir tashrif qabul qilish va bitta maktub jo‘natishdan iborat bo‘lgan.

Ammo ozodlikka chiqqanidan keyin u inson huquqlari himoyachisi timsoliga aylandi va 1993 yilda Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi.

Vatslav Havel

Foto: Getty Images

1989 yilning 29 dekabrida Chexoslovakiya tepasiga sotsialistik tuzumning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan dramaturg Vatslav Havel chiqdi. Biror siyosiy tajribasi bo‘lmasa-da, otashin nutqlari bilan saylovchilar e'tiborini qozona olgan Havel ko‘p o‘tmay murakkabliklarga duch keldi. Sotsialistik tuzum ado bo‘lgan, lekin hali ko‘pchilik orzu qilgan kapitalizmga ham juda yiroq edi. Buning ustiga yaxlit davlat ikkiga – Chexiya va Slovakiyaga bo‘linib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, Havel Chexiya prezidenti bo‘lib qoldi va ozodlik kuychisi sifatida tarixga muhrlandi. Poytaxt Praganing xalqaro aeroporti Vatslav Havel nomini olgan.

Ammo Havelning hayoti bu qadar tekis kechmagan. Antikommunistik qarashlari tufayli u 1977 yilda “Xorijda respublika manfaatlariga tajovuz qilish” degan g‘alati ayblov bilan 14 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilinadi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ayblovga “Davlat ishchisiga tajovuz” degan yana biri qo‘shiladi va endi jazo real qamoqqa aylanadi. 1979 yilda esa yanada jiddiy “Davlat tuzumini ag‘darishga urinish”da ayblanadi va 4,5 yilga kesilib ketadi. 1989 yilda u yana bir qisqa muddatli hibsni boshdan kechirdi va shu yiliyoq Chexoslovakiyaning so‘nggi 40 yildagi ilk kommunist bo‘lmagan prezidentiga aylandi.

Viktor Yanukovich 

Foto: lenta-ua.net

Yuqoridagi davlat rahbarlari o‘z siyosiy qarashlari uchun qamoqqa ravona bo‘lgan bo‘lsalar, janob Yanukovich o‘zining bezoriligi uchun jazolangan. Ukrainaning sobiq prezidenti yoshligida panjara ortiga ikki marta tushishga ulgurgan. 2002 yilning 18 noyabrida, premer-ministrlikka tayinlanishidan oldin u Radaga taqdim qilgan tarjimai holida 1968 yilda voyaga yetmaganlar koloniyasida jazo o‘tagani va 1970 yilda esa ikkinchi bor bir kishiga o‘rta darajadagi tan jarohati yetkazgani uchun qamoqqa tushganini bildirgan.

 Abror Zohidov tayyorladi.

Top