20:23 / 27.03.2021
2990

“Birinchi marta Dukentga borganimda qo‘rqib ketdim” - Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri

O‘zbekistonda uy-joylarga kommunal xizmatni takomillashtirish maqsadida Turkiyadan konsultantlar jalb etiladi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Sherzod Hidoyatovning ta'kidlashicha, u rahbarlik qilayotgan vazirlik ishi doim aholi bilan bog‘liq. Bu sohada qilinayotgan ishlar odamlarning kayfiyatiga ta'sir ko‘rsatadi.

Kommunal sohadagi kamchiliklar ko‘pligi sabab bir-ikki yil ichida hamma muammolarni birdan yechib bo‘lmaydi. Butun dunyoda bu sohada muammolar tugatilmagan, doimiy ravishda o‘z ustida ishlash orqali bartaraf etiladi.

Ish samaradorligini oshirish maqsadida davlat rahbari tomonidan har bir vazirlikka hududlar biriktirilmoqda. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga Toshkent viloyatining Angren shahri biriktirilgan. Angrendagi eng og‘ir hududlardan biri – Dukentda uchta mahalla bor. Ushbu mahallalarda joylashgan ko‘pqavatli uylarning kommunal holati o‘ta og‘ir ko‘rinishga kelib qolgan.

“Birinchi marta Dukkentga borganimda qo‘rqib ketdim. Og‘ir sharoit ta'sirida aholi o‘ta agressiv holatda edi. Ularning orasida qolib ketib gaplashishga qiynaldim. Lekin ishlar boshlangach ularning munosabati butunlay o‘zgardi”,- dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Turkiyadan ushbu sohani yaxshi biladigan konsultantlarni jalb etib, yurtimizdagi ko‘pqavatli uylarda kommunal tizimni yaxshilash maqsad qilingan. Jumladan, Angren ham ko‘pqavatli uylar ko‘p joylashgan hudud hisoblanadi. Bu yerda qurilganiga 60-70 yil bo‘lgan uylarning kommunal tizimiga e'tibor berilmaganligi ta'kidlandi.

Shu o‘rinda vazir aholi tomonidan ham o‘zboshimchalik bilan qilinayotgan qurilishlar va ularga ko‘riladigan choralar haqida ham gapirib o‘tdi.

Top