09:04 / 30.03.2021
4911

Xatlangan mol-mulkni baholash tartibi tasdiqlanmoqda

Bosh prokuratura va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga muvofiq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish jarayonida realizatsiya qilinadigan, shu jumladan davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulk baholash obekti hisoblanadi.

Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni baholash xususiyati Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi 200-son “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilanadi.

Ro‘yxatga olingan mol-mulkni baholashni tashkil etish nizom bilan belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat ijrochisi alohida mol-mulkning shartnomaviy narxini faqat alohida olingan mol-mulk qiymati bazaviy hisoblash miqdori yigirma baravaridan, mol-mulk jami qiymati esa bazaviy hisoblash miqdori yuz baravaridan oshmagan taqdirdagina, baholovchi tashkilotni jalb etmagan holda mustaqil belgilashi mumkin, avtomototransport vositalari bundan mustasno.

Quyidagi mol-mulkni baholash uchun baholovchi tashkilot jalb qilinadi:

a) avtomototransport vositalari;

b) mashina va uskunalar hamda ishlab chiqarish liniyalari;

v) ko‘chmas mulk;

g) korxona mulkiy kompleksi;

d) tijoratchi tashkilotlardagi ulushlar (aksiyalardan tashqari);

ye) ashyolar, mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar;

j) fond birjasi rasmiy listingiga kiritilmagan va markazlashtirilgan tartibda kotirovka qilinmayotgan qimmatli qog‘ozlar.

Fond birjasi rasmiy listingiga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar qiymati davlat ijrochisi tomonidan ushbu qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha fond birjasiga yozma so‘rovnoma yuborish orqali belgilanadi.

Davlat ijrochisi mustaqil belgilashi mumkin bo‘lgan mol-mulkni baholash uchun baholovchi tashkilotni jalb qilishi mumkin. 

Garovga qo‘yilgan mol-mulk bilan ta'minlangan majburiyatlarni ijro etishda undiruv ushbu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, garovga qo‘yilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan boshlang‘ich realizatsiya qilish narxi sud qarori bilan belgilanadi.

Mol-mulk davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanganda muvofiq qaror chiqariladi.

Mol-mulk baholovchi tashkilot tomonidan baholangan hollarda davlat ijrochisi baholash natijalarini qabul qilish va ijro ishi hujjatlariga biriktirish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Ijro hujjatlari bo‘yicha realizatsiya qilinadigan mol-mulkni baholash uchun Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi yoki uning hududiy boshqarmasi hamda tuman (shahar) bo‘limlari va eng maqbul, arzon narxlar taklif qilayotgan baholovchi tashkilot o‘rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada baholovchi tashkilotning xizmat haqini to‘lash bo‘yicha shartlar ko‘rsatiladi.

Shartnoma keyinchalik uzaytirish huquqi bilan bir yil muddatga tuziladi. Shartnomani uzaytirishda baholovchi tashkilot tomonidan mazkur shartnoma shartlariga to‘liq rioya etilgani va baholash faoliyatini amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan talablar buzilmaganiga e'tibor qaratiladi.

Baholovchi tashkilot shartnomani bajarmagani yoki lozim darajada bajarmagani oqibatida buyurtmachiga zarar yetkazilgani uchun uning oldida javobgar bo‘ladi.

Mol-mulk davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanganda mol-mulkning alohida olingan shartnomaviy narxi uning ichki bozorda talab va taklif kon'yunkturasi mavjud ma'lumotlari asosida baholash kunida amal qilib turgan narxi 70 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Davlat ijrochisi mol-mulk narxini aniqlashda bozordagi mavjud talab va takliflar to‘g‘risidagi ochiq ma'lumotlar (bozor ma'muriyatidan olingan ma'lumot, internetdan olingan axborot yoki mutaxassis xulosasi)ga asoslanadi.

Davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanishi mumkin bo‘lgan mol-mulk shartnomaviy narxi mol-mulk xatlangandan keyin o‘n kundan kechiktirmasdan belgilanishi lozim.

Mavzuga oid
Top