09:56 / 25.01.2024
9254

Kimlarga xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilishga ruxsat berilishi aytildi

Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

2024 yil 1 apreldan boshlab:

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi;
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish bo‘yicha savdo do‘konlarini tanlab olishda mol-mulkni internet-do‘konlar orqali sotishni amalga oshiruvchi savdo tashkilotlariga ustunlik beriladi.

Hujjat bilan ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Savdo tashkilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladigan ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk sotilishini ta’minlaydigan savdo tashkilotlari reyestrida aks ettiriladi.

Quyidagi hollarda tashkilot ijro hujjatlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan mulkni realizatsiya qilishda talabgor sifatida ishtirok etishi mumkin emas:

  • qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik arafasida bo‘lgan;
  • faoliyat yuritmayotganiga olti oy bo‘lgan;
  • soliqdan qarzdorligi mavjud bo‘lgan;
  • zimmasiga mol-mulklar harakati monitoringi elektron tizimini joriy qilish majburiyatini olmagan.

 
Mol-mulkni realizatsiya qilishni istagan savdo tashkiloti Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinet yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali byuroga murojaat qiladi.

Arizani ko‘rib chiqish natijalari Byuro tomonidan uzog‘i bilan keyingi ish kunidan kechiktirmay reyestrga joylashtirilishi kerak.

Agar talabgor elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan bo‘lsa, arizada uning milliy reyestrda ro‘yxatga olingan sanasi, raqami va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi.

Byuroning hududiy boshqarmalari va savdo tashkiloti muddatini uzaytirish huquqi bilan bir yil muddatga mol-mulkning oldi-sotdi xizmatlarini ko‘rsatish uchun shartnoma tuzadi.

Davlat ijrochisi shartnoma imzolangan kundan boshlab besh ish kuni ichida mol-mulkni topshirish dalolatnomasi asosida realizatsiya qilish  uchun tegishli savdo tashkilotiga o‘tkazadi.

Top