12:00 / 02.04.2021
10813
Tayvanda yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketishi oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi

Tayvandagi tunnelda 350 yo‘lovchi bilan harakatlangan poyezd izdan chiqib ketishi oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi.

Transport vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, poyezd tunnelda yo‘l ta'mirlovchi mashina bilan to‘qnashib, relsdan chiqib ketishi oqibatida 41 kishi halok bo‘lib, 60 kishi jarohat olgan. Reuters agentligi bu hodisa orolda kamida so‘nggi 40 yildagi eng yirik temir yo‘l halokati bo‘lganini xabar qilgan.

Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha operativ markaz qutqaruvchilar tunnel ichkarisida qolgan va kuchli shikastlangan to‘rt vagonga yetib borish uchun bor imkoniyatlarni ishga solgani haqida xabar qilgan. Poyezdda jami sakkiz vagon bo‘lgan.

Poytaxt Taybeydan Taydunga (oroldagi yirik shahar va uyezd) tomon harakatlangan tez yurar poyezd me'yordan ortiq yo‘lovchi olgan. Tayvandagi nashrlar xabar qilishicha, ko‘plab yo‘lovchilar tik turgan holda bo‘lgan, avariya vaqtida bunday yo‘lovchilar har tomonga uloqib ketgan. Poyezdda 350ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.

Voqea joyida olingan videolarda vagonlar to‘qnashuvdan pachoq bo‘lganini ko‘rish mumkin, bu esa qutqaruvchilar tunnel ichida qolgan yo‘lovchilarni qutqarishga yetib borishini qiyinlashtirgan.

Markaziy axborot agentligining rasmiy ma'lumotida, «tunnelda noto‘g‘ri joylashgan» texnika bilan to‘qnashgan. Taiwan Railway kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ta'mirlovchi mashina «sirg‘anib ketib» poyezd yo‘lida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

O‘t o‘chirish xizmati e'lon qilgan suratlarda ushbu texnikaga tegishli bo‘lgan parchalar poyezd yaqinida sochilib yotganini ko‘rish mumkin.

Ayni paytda qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda, hozircha 100 nafar yo‘lovchi evakuatsiya qilingan.

Poyezd halokati Tsinmin festivali munosabati bilan boshlangan uzoq muddatli ta'tilning boshlanishiga to‘g‘ri keldi. Odamlar bu vaqtda sayohatlarga chiqishadi.

Halokat ro‘y bergan Tayvanning sharqiy qirg‘og‘i turistlar eng ko‘p qatnovchi yo‘nalish bo‘lib, Taybeydan sharq tomonga chiqqan temir yo‘l liniyasi o‘z tunnellari bilan mashhur hisoblanadi.

Tayvanda 2018 yil oktyabrida ham yirik temir yo‘l halokati sodir bo‘lgan. O‘shanda Puyuma Express tezyurar poyezdi orol shimoli-sharqidagi Ilan uyezdida izidan chiqib ketishi oqibatida 22 kishi halok bo‘lgan, 170dan ortiq odam jarohat olgan edi. 1981 yilda esa Tayvan shimolida ro‘y bergan to‘qnashuv oqibatida 30 kishi halok bo‘lgan.

Top