21:39 / 06.04.2021
9943
Katta Farg‘ona kanali qazilishida ishtirok etgan 109 yoshli Salimaxon momo. U nimalarni xotirlaydi?

Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, «Jo‘rak» MFYda 109 yoshli Salimaxon aya Yusupova istiqomat qiladi. Aya 45 kun ichida qurib bitkazilgan Katta Farg‘ona kanali bunyod etilishida ishtirok etgan.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida muhim o‘rin tutuvchi Katta Farg‘ona kanali qazilishini Salimaxon aya shunday eslaydi:

«Qurilishida erkaklar bilan tengma-teng ishlaganmiz. Ketmon va belkurak bizning asosiy ish qurolimiz edi. Kanal ichiga qozon osib ovqat qilardik.

Tuproq ortilgan etaklarni erkag-u xotin tepalikka olib chiqar edik. Tuproqni qopga solib tepalikka tashiyotgan odamlarning kiyimlari qop ishqalanaverganidan yirtilib ketardi.

Deyarli barcha xonadondan hasharchilar chiqqan. Biz — xotin-qizlar uzun ko‘ylaklarni kiyib chiqar edik. Ko‘ylaklarimizning etagi og‘ir mehnat ortidan titilib ketardi. Erkaklar qopda, ayollar esa chelakda tuproq tashirdik.

Ish ko‘payib ketganida uyga kelmay kanal yoqasida yotib qolgan kunlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Kanalda men bilan birga ishlagan tanishlarimning ko‘pi olamdan o‘tib ketdi.

O‘sha kunlari Oxunjon qiziq, Yusufjon qiziq, Ma'murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Mukarrama Turg‘unboyeva kabi san'atkorlar kelib, hasharchilarning kayfiyatini ko‘tarib turishgan.

Kanal bitgach, kolxozda 4-5 raisning qo‘lida ishladim», — deya hikoya qildi u.

1912 yilda tug‘ilgan Aya 5 nafar farzand ko‘rgan — 4 o‘g‘il, bir qiz. Bir o‘g‘li olamdan o‘tgan.

«Bir o‘g‘lim kolxozchi, yana biri esa shifokor bo‘lib ishlab, nogiron bo‘lib qoldi. 20 nafar nevara 47 chevara, 4 evaram bor. Ular uyimga kelsa sig‘ishmaydi ko‘pligidan», – deydi biz bilan suhbat chog‘ida Salimaxon Yusupova.

Katta Farg‘ona kanali sobiq O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy kengashi kotibi Usmon Yusupovning 1939 yil 3 iyundagi 896-sonli qarori bilan qazilgan.

1939 yilning avgust oyida boshlangan qazish ishlari hashar yo‘li bilan 45 kunda 270 kilometr uzunlikda bunyod etilgan.

Umumxalq hasharida O‘zbekistonning 200 mingdan ziyod aholisi bilan birga qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikasidan kelganlar ham qatnashgan.

Ayni paytda uzunligi 360 km bo‘lgan Katta Farg‘ona kanali O‘zbekiston (283 km), Tojikiston (62 km) hamda Qirg‘iziston (13 km) hududidan o‘tadi.

Sarvar Ziyayev tayyorladi.

Top