14:42 / 07.04.2021
3334
Qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilmoqda

Qonunchilik palatasining 2021 yil 7 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Tadbirkorlik sub'yektlari qimmatbaho metallarni bevosita ishlab chiquvchilarning o‘zidan yoki birjadan sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasiga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarga bo‘lgan egalik huquqini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.
Natijada, tadbirkorlik sub'yekti yoki jismoniy shaxslar qimmatbaho metallarga egalik qilish, o‘rnatilgan tartibda ularni erkin tasarruf etish imkonini oladi.

Ta'kidlanishicha, qonun loyihasi qabul qilinishi tadbirkorlik sub'yektlarining zargarlik sanoati sohasidagi faoliyatini jonlantirishga, ular huquqlarini ishonchli himoya qilishga, qimmatbaho metallar noqonuniy aylanmasi oldini olishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Top