00:01 / 09.04.2021
4350
Uhanda karantin bekor qilinganining bir yilligi nishonlandi

2019 yil oxirida koronavirus infeksiyasi ilk bor qayd qilingan Uhan shahri aholisi 8 aprelda virus tarqalishining oldini olish maqsadida shaharda kiritilgan qat'iy cheklovlar bekor qilinganining bir yilligini nishonladi.

Foto: instagram.com / @kyunami82

Xitoyning 11 mln kishilik shahri 2020 yilning 23 yanvaridan 8 apreligacha – deyarli 80 kun davomida tashqi dunyodan to‘liq uzib qo‘yilgandi. Ma'lumki, bunga shaharda keyinchalik dunyo miqyosidagi epidemiya - pandemiyaga aylanib ketgan koronavirus tarqalishi sabab bo‘lgan.

Mahalliy aholi tashqi dunyodan yakkalanib, shaharda transport harakati to‘xtatilgandi va aholining o‘ta zaruratsiz uydan chiqishi taqiqlab qo‘yilgandi. O‘z uylarida “qamalda qolgan” aholiga yegulik va dori-darmonni kurerlar yetkazib bergan. Shifokorlar har bir kasallangan bemor ortidan sinchkov kuzatuv olib borgan.

 Shaharda kiritilgan lokdaun 76 kun davom etgan va Uhan rahbariyati 2020 yil 8 aprelda tashqi dunyo bilan transport aloqasi sekin-asta tiklanishini e'lon qilgandi. Shaharda yana bir oy davomida koronavirusga chalinish holatlari qayd qilib turilgan, biroq 18 may kuni shaharda birorta ham kasallanish holati aniqlanmagan.

 Uhan lokdaun bekor qilingandan ko‘p o‘tmay, deyarli avvalgi hayot tarziga qaytgan. Shaharda bozorlar, kinoteatrlar, bog‘lar, kutubxonalar ochilgan, ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ruxsat berilgan.

 Ekspertlar va mahalliy aholining ta'kidlashicha, shahar bir yildan keyin o‘zini o‘nglab, avvalgidan ko‘ra jadalroq sur'atlar bilan rivojlanmoqda.

 Xitoy raisi Si Tszinpin Uhanga 2020 yil 10 martidagi tashrifi vaqtida “qahramon shaharning qahramon xalqi albatta koronavirusni yengishini, o‘zini tiklab, yangi davrda yanada ko‘proq yutuqlarga erishishini” aytgandi. 

 “Uhanliklar lokdaun bekor qilingandan bir yil o‘tib, shahar nafaqat xavfsizroqqa aylanganini, balki ular yanada jipslashganlari, ko‘proq tabassum qila boshlaganlari va tibbiy xodimlarga hurmatlari oshganini aytishmoqda. Ular, shuningdek, sog‘liq va oilaga ko‘proq e'tibor bera boshladilar, oilalari bilan ta'tillarda ko‘proq vaqt o‘tkazmoqdalar”, deb ta'kidlamoqda Global Times nashri.

Top