16:47 / 11.04.2021
15282
O‘zbekiston yoshlar tashkilotining sobiq rahbari vafot etdi

10 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati Dilshoda Dadajonova 72 yoshida vafot etdi.

Dilshoda Dadajonova 1949 yilda Andijon tumanida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1971 yilda Kuban davlat universitetining siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1971 yilda Pop tumanidagi 7-maktabda o‘qituvchi sifatida boshlagan. 1974–1983 yillarda tuman partiya qo‘mitasi yo‘riqchilikdan to viloyat yoshlar tashkiloti rahbarligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

1983–1985 yillarda Moskva ijtimoiy fanlar akademiyasi aspiranturasida tahsil oldi. 1985–1987 yillarda O‘zbekiston yoshlar tashkilotiga rahbarlik qilgan.

1987–1998 yillarda Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 1998–2011 yillarda Namangan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan.

Dilshoda Dadajonova vafotiga qadar Pop tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni, «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan edi.

«Atoqli jamoat arbobi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Dilshoda Dadajonovaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», deyiladi Namangan viloyati hokimligining ta'ziyasida.

Top