09:35 / 11.04.2021
3430
Qirg‘izistonda yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum va mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tmoqda  
Foto: Sputnik

11 aprelda Qirg‘izistonda konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendum va mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Konstitutsiyaga kiritish taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar orasida boshqaruvning prezidentlik shaklini tasdiqlash ham ko‘zda tutilgan

Shu munosabat bilan respublika hududida soat 8dan 20gacha 2483ta, xorijda esa 48ta saylov uchastkasi faoliyat olib boradi. 

Qirg‘iziston markaziy saylov komissiyasining ma'lum qilishicha, konstitutsiyaviy referendum saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan jami 3,6 mln fuqaroning 30 foizdan ko‘prog‘i ishtirok etsa, bo‘lib o‘tgan deb topiladi. Mahalliy saylovlarda ovoz beruvchilar davomati bo‘yicha chegara yo‘q. 

Mahalliy hokimiyat organlariga saylovlarda 420ta shahar va qishloq kengashlaridagi 7560 o‘ringa 18772 nomzod da'vogarlik qilmoqda.  

Ovoz berish borishini 31ta davlat va xalqaro tashkilotlar, jumladan ShHT, MDH, KXShTdan 183 nafar xalqaro kuzatuvchi nazorat qiladi.  

Ta'kidlanishicha, yangi konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendum to‘qqizinchisi bo‘ladi. 

Qirg‘iziston konstitutsiyasi 1993 yilda qabul qilingan. Respublikaning birinchi prezidenti Asqar Aqayev davrida konstitutsiyaga asosan prezident vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha 1994, 1996, 1998 va 2003 yillarda 4ta referendum o‘tkazilgan. 

2007 yilda respublikaning ikkinchi prezidenti Kurmanbek Bakiyev konstitutsiyaga parlament deputatlari sonini 75 nafardan 90 nafargacha oshirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlarni qabul qilish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini e'lon qilgan. 

Qirg‘izistonda 2010 yilda rahbariyat o‘zgargach, boshqaruvning prezidentlik shaklidan prezident-parlament shakliga o‘tishni va parlament deputatlari sonini 120 nafargacha oshirishni ko‘zda tutuvchi yangi konstitutsiya qabul qilingan. Shu bilan birga, o‘shanda konstitutsiyani o‘zgartirishga 10 yillik moratoriy kiritilgan.  

Biroq 2016 yilda Almazbek Atamboyev prezidentligi vaqtida bosh vazir va parlament vakolatlarini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi konstitutsion o‘zgartirishlar bo‘yicha yana bir referendum o‘tkazilgan.  

Qirg‘izistonda konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha oxirgi referendum 2021 yilning 10 yanvarida muddatdan avval prezident saylovlari bilan birga bo‘lib o‘tdi. O‘shanda 84 foiz saylovchilar boshqaruvning prezident shaklini qo‘llab-quvvatlagandi.     

11 aprelda ovoz berish uchun qo‘yilgan konstitutsiyaning yangi tahriri mamlakatda boshqaruvning prezident shaklini tasdiqlash, Xalq qurultoyi (Xalq majlisi) instituti kiritilishi hamda parlament deputatlari sonining 120 nafardan 90 nafargacha qisqartirilishini ko‘zda tutadi.  

Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti o‘z lavozimini 5 yillik ikki muddatdan ko‘p egallay olmaydi. Amaldagi konstitutsiyada esa prezident faqatgina bir marta 6 yillik muddatga saylanishi belgilangan.  

Qirg‘iziston konstitutsiyasining yangi tahririda hukumat strukturasi va tarkibi prezident tomonidan belgilanishi, hukumat faoliyati prezident ma'muriyati tomonidan ta'minlanishi ko‘rsatilgan. Bosh vazir o‘z navbatida prezident ma'muriyatiga rahbarlik qiladi.    

Shuningdek, konstitutsiyaviy sudni Oliy sud tarkibidan chiqarib, Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudini tashkil etish taklif qilinmoqda. 

Top