22:55 / 16.04.2021
5638
Eronda birinchi marta 60 foizgacha boyitilgan uran olindi

 Erondagi yadro obektlarida 60 foizgacha boyitilgan uranning ilk partiyasini olishga muvaffaq bo‘lindi. Bu haqda Eronning Atom energetikasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Solihiy ma'lum qildi.

Foto: Getty Images

Ma'lumki, 20 foizdan yuqoriroq darajada boyitilgan uran qurol urani hisoblanadi.

Solihiyning ma'lum qilishicha, 16 aprelga o‘tar kechasi eronlik olimlar 60 foizgacha boyitilgan urandan 9 gramm olishga muvaffaq bo‘lishgan. Ayni vaqtda yadro obektlarining ishlab chiqarish quvvatlari ushbu darajadagi urandan soatiga 9 gramm olishga imkon beradi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, hozirda Eronning yadro obektlaridagi sentrifugalar 20 foizgacha va 60 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqara oladi. Bundan tashqari, Eron har qanday darajagacha boyitilgan uran olishga qodir. Ma'lum qilinishicha, yadro bombasini tayyorlashda 90 foizgacha boyitilgan uran qo‘llanadi. 

 Eron vakilining aytishicha, Tehron 60 foizgacha boyitilgan urandan molibden olishda foydalanadi. Undan yonilg‘i olishda foydalanilmaydi.

 Solihiyning ta'kidlashicha, Natanzadagi yadro obekti unda sodir etilgan qo‘poruvchilikdan keyin ham faoliyatini davom ettirmoqda. «Tsentrifugalar avariyaviy elektr ta'minoti manbasidan ishlamoqda. Asosiy energiya manbayi bir-ikki kun ichida ulanadi», deb ta'kidlab o‘tgan Eron vakili.

13 aprelda Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abbos Aroqchi Natanzadagi hujumga javoban mamlakatda uran 60 foizgacha boyitilishi boshlanishini ma'lum qilgandi. Tehron o‘z yadro obektiga hujumda Isroilni ayblamoqda.

Top