22:57 / 19.04.2021
16072
UYeFA ijroqo‘m a'zosi: «Real», «Siti» va «Chelsi» – Chempionlar ligasi yarimfinalidan chetlatilishini kutyapman»

Qayd etilishicha, bu klublarni Chempionlar ligasidan chetlatish to‘g‘risidagi qaror 23 aprel kuni qabul qilinadi.

Daniya futbol ittifoqi prezidenti hamda UYeFA ijroiya qo‘mitasi a'zosi Yyesper Meller «Real», «Manchester Siti» va «Chelsi» klublari Superligada ishtirok etishini e'lon qilgani sababli Chempionlar ligasidan chetlatilishi lozimligini ta'kidladi.

«Real», «Manchester Siti» va «Chelsi» klublarini Chempionlar ligasi yarimfinalidan chetlatilishini kutyapman. UYeFA Chempionlar ligasini qanday yakunlashi haqida bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi», - deya Mellerning so‘zlarini keltirmoqda Goal.

Ma'lumot uchun, «Manchester Siti», «Chelsi» va «Real» jamoalari YeChL chorakfinalida «Borussiya», «Portu» va «Liverpul»ni mag‘lub etib, yarimfinalga chiqqan edi. Ushbu bosqichga yetib kelgan klublar orasida faqatgina «Pari Sen-Jyermen» Superligaga ishtirok etishdan bosh tortgan.

19 aprel kuni Ispaniyaning «Real», «Barselona», «Atletiko», Italiyaning «Milan», «Inter», «Yuventus» va Angliyaning «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Tottenhem» klublari Superliga tashkil etilishini e'lon qilgandi. Musobaqada 20ta klub qatnashadi — 15ta ta'sischi klub va mavsumdagi natijalariga ko‘ra qo‘shiladigan yana 5 jamoa.

Fransiyaning «Pari Sen-Jyermen», Germaniyaning «Bavariya» va «Borussiya» hamda Portugaliyaning «Portu» klublari Superligada ishtirok etish taklifini rad etdi.

Top