14:40 / 20.04.2021
5418
Transport vaziriga parlament so‘rovi yuborildi

Jahon bankining «Logistika samaradorligi indeksi»da O‘zbekiston 160ta davlat orasida 99-o‘rinda bo‘lib, bu ko‘rsatkich mamlakat eksport salohiyatini oshirishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Qonunchilik palatasi bu masala bo‘yicha transport vaziriga so‘rov yubordi.

Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatda transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilganda, sohada erishilayotgan yutuqlar qatorida ayrim muammolar ham borligini ko‘rsatgan.

Jahon bankining «Logistika samaradorligi indeksi»da O‘zbekiston 160ta davlat orasida 99-o‘rinda bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ushbu masala ustida to‘xtalib o‘tdi. Ta'kidlanishicha, mamlakatda transport tuzilmalarining katta qismi monopol korxonalar bo‘lgan temir yo‘l va havo kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelib, ulardagi xizmat ko‘rsatish sifatining pastligi va narxlarning balandligi eksport salohiyatining oshirilishiga salbiy ta'sir qilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston hududida yuk va yo‘lovchi tashishning asosiy qismi avtotransport orqali amalga oshirilib, avtotransport yo‘llarining sifatsizligi hamda xalqaro standartlarga javob bermasligi xalqaro tashuvchilarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda transport vaziri Ilhom Mahkamovga «Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish uchun transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida»gi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Transport vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni paytda bu so‘rov qabul qilib olingan va o‘rganish ishlari boshlangan. Batafsil ma'lumot belgilangan muddatda taqdim etiladi.

Top