17:23 / 22.04.2021
12518
Tojikiston Rossiya aviakompaniyalaridan ikki kun ichida chipta narxlarini pasaytirishni talab qildi

Ta'kidlanishicha, bahor-yoz mavsumida Rossiyaga parvoz qilishni istagan tojikistonliklar soni ko‘paygan, Rossiya aviakompaniyalari esa «aviachiptalar narxini oshirib», bundan foydalanib qolgan.

Foto: RIA Novosti

Tojikiston aviatsiya rahbariyati Rossiya aviakompaniyalaridan ikki kun ichida chipta narxlarini pasaytirishni talab qildi. Aks holda fuqaro aviatsiyasi agentligi ular tomonidan charter reyslari amalga oshirilishi borasida tegishli choralarni ko‘radi. Bu haqda «Aziya-Plyus» Tojikiston fuqaro aviatsiyasi boshlig‘i Ikrom Subhonzodaga tayanib  xabar berdi.

 Ikrom Subhonzodaning so‘zlariga ko‘ra, bahor-yoz mavsumida Rossiyaga parvoz qilishni istagan tojikistonliklar soni ko‘paygan, Rossiya aviakompaniyalari esa «aviachiptalar narxini oshirib», bundan foydalanib qolgan.

«Aviakompaniyalar chipta narxini oshirish o‘rniga charter reyslari sonini ko‘paytirishi kerak», degan u.

Subhonzodaning ta'kidlashicha, Rossiya aviakompaniyalari ikki kun ichida aviachiptalar narxini pasaytirishi lozim, aks holda, ularning charter reyslarini amalga oshirishiga ruxsat berish bo‘yicha tegishli chora ko‘riladi.

Bundan tashqari, Rossiya aviakompaniyalari har oyda fuqaro aviatsiyasi agentligi va transport prokuraturasiga Rossiyaga yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalarning minimal va maksimal narxi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etadi.

Hozirda Rossiya va Tojikiston o‘rtasida haftada ikki marta muntazam aviaqatnov amalga oshirilmoqda, ammo ular uchun barcha chiptalar yozgacha sotib bo‘lingan.

Shu bilan birga, Rossiya aviakompaniyalari tomonidan bir haftada 20dan ortiq charter qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.

Fuqaro aviatsiyasi agentligi muntazam aviaqatnovlar uchun Dushanbedan Moskvaga borish-qaytish aviachiptasi narxini 500 dollar etib belgilagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, charter reyslari uchun aviachiptalar narxi 15 ming somoniygacha (1315 dollar) boradi. 

Top