01:34 / 24.04.2021
18541
«Ayol kishiga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi buzilgan» - deputat Toshkent tumanida maktab direktori ustidan ochilgan jinoyat ishi haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova Toshkent tumanidagi 26-maktab direktoriga nisbatan Toshkent viloyat prokuraturasining xatti-harakatlarini qoraladi.

Qizilgul Qosimova / Foto: Xalq demokratik partiyasi

Viloyat prokuraturasi tergov endigina boshlanganiga qaramay, maktab direktori 173 mln so‘m budjet pulini o‘zlashtirgan deb bayonot tarqatgan. Avvalroq Kun.uz gumondor jinoyat ishini uyushtirilgan deb hisoblayotgani haqida xabar bergandi:

Holatga O‘zXDP fraksiyasi a'zosining munosabati partiya saytida e'lon qilindi.

«Aslida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Lekin nima sababdan ushbu holatda tuman prokuraturasi va xabarni tarqatgan OAV vakillari aybsizlik prezumpsiyasiga oid tartib-qoidaga amal qilishmadi?

Ochig‘ini aytsam, o‘zim ham ko‘p yillik rahbarlik faoliyatim mobaynida shunga o‘xshash holatlarga tushganman. Bilasizmi, ba'zi prokuratura xodimlari ishni xohlasa jinoyatga, xohlasa adolatga burib yuboradi, taqdirini belgilab qo‘yadi go‘yo», – deydi deputat.

Qizilgul Qosimova bu so‘zlari bilan hamma joyda tizim vakillari shunday ishlaydi deyishdan yiroqligini ham qo‘shimcha qiladi. Albatta, tizim xodimlari orasida adolat, kasbiga mas'uliyat bilan yondashayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi, deydi u.

«Saida Hoshimova 20 yil o‘qituvchi, 8 yildan buyon maktab direktori lavozimida ishlagan ekan. U tekshiruvchilar xulosasi va dalolatnomasida keltirilgan har bir vajni izohlashga intilar ekan, maktab direktori bo‘ladimi, boshqa soha vakilimi, xullas, hammamizga ish hujjatlarini yuritishga ko‘maklashuvchi huquqshunoslar, mutaxassislarga ehtiyoj kattaligicha qolayotganiga yana bir amin bo‘ldim.

Sababi Saida Hoshimova tushuntirishicha, u o‘zi tomonidan amalga oshirilgan ishlarning xat-hujjatini rasmiylashtirish, ularni risoladagidek yuritishga yetarlicha e'tibor qaratmagan. Ehtimol, bu borada unda malaka, tajriba yetishmagandir. Oddiy misol, qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun ota-onalar tomonidan to‘langan mablag‘larga maxsus hisobraqam ochishdek kichik masala bir necha oylab paysalga solingani, bu masalada hech kim maktab direktoriga yordam bermaganini oqlab bo‘lmaydi.

Agar prokuratura xodimlari tergov-surishtiruv jarayonlarida totalitar rejimdan qolgan qog‘ozbozlikka mukkasidan ketib qaror qabul qilsa, fuqarolarning qonun himoyachilariga, qolaversa, davlatga ishonchiga putur yetishi mumkin», – ta'kidlaydi u.

Qosimovaga ko‘ra, Xalq demokratik partiyasi ziyolilar, o‘qituvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagan partiya sifatida Saida Hoshimova ishi va taqdiri bilan bog‘liq voqealar tafsilotiga tomoshabin bo‘lib qarab turmaydi.

«Partiyamiz o‘qituvchi va pedagoglarning o‘quvchilarga ta'lim-tarbiya berishdek xayrli faoliyatiga asossiz aralashuvlarni qoralaydi. Biz har qanday holatda qonun ustuvorligi ta'minlanishi tarafdorimiz. Qonunni buzgan, o‘z faoliyatida qonunni chetlab o‘tishga intilgan har kimga tegishli jazo chorasi qo‘llanilishi lozim.

Lekin qonun himoyachilari ham qonunda belgilangan tarzda xatti-harakat qilishi lozim, ayni holatda ayol kishiga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi buzilgan, deb hisoblayman», – deydi Qonunchilik palatasi deputati.

Eslatib o‘tamiz, direktorning shikoyati Kun.uz'da e'lon qilingach, holatga Bosh prokuratura e'tibor qaratib, jinoyat ishini o‘z nazoratiga oldi.

Top