21:36 / 26.04.2021
30172
Qudratli davlatlarning 2020 yilgi harbiy xarajatlari ma'lum qilindi

Hatto pandemiya davrida ham global miqyosda harbiy xarajatlar o‘sishda davom etdi. Insoniyatning bir yillik mudofaa xarajatlari 2 trillion dollarga yetay deb qoldi.

Foto: AP

2020 yilda global miqyosda harbiy maqsadlarda sarflangan mablag‘lar hajmi 1,98 trillion dollarni tashkil etgan. Bu haqda Stokholm Xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma'lum qildi.

1,98 trln dollar – 2019 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 2,6 foizga ko‘p.

2020 yildagi jami harbiy xarajatlarning 62 foizi 5 ta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi: AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Buyuk Britaniya.

  • AQSh – 778 mlrd dollar;
  • XXR – 252 mlrd dollar;
  • Hindiston – 72,9 mlrd dollar;
  • Rossiya – 61,7 mlrd dollar;
  • Buyuk Britaniya – 59,2 mlrd dollar.

Xitoy harbiy xarajatlari so‘nggi 26 yildan beri muttasil oshib borayotgani diqqatga molik.

2020 yilgi harbiy xarajatlar, mintaqalar kesimida. Data: SIPRI

Tadqiqotchilar urg‘u berayotgan yana bir fakt: Pandemiyaning birinchi yilida global yalpi ichki mahsulot (YaIM) 4,4 foizga qisqargan paytda ham, harbiy sohaga ajratilgan mablag‘lar oshgan.

Natijada, harbiy xarajatlarning global YaIMdagi ulushi 2019 yildagi 2,2 foizdan 2,4 foizga yetgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida Chili va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda harbiy budjet qayta tuzib chiqilgan, Braziliya va Rossiyada esa harbiy soha mablag‘lari qisqartirilgan. Xususan, Rossiya mudofaa maqsadlariga budjetdagi rejadan 6,6 foizga kamroq pul ishlatgan.

«Pandemiya 2020 yilda global harbiy xarajatlarga sezilarli ta'sir ko‘rsatmaganini kuzatishimiz mumkin. Davlatlar pandemiyaning ikkinchi yili davomida ushbu darajadagi harbiy xarajatlarni saqlab qoladimi yoki yo‘qmi, buni aniq aytish qiyin», – dedi SIPRI Qurol va harbiy xarajatlar dasturi tadqiqotchisi doktor Diyego Lopes da Silva.

2020 yilda Qo‘shma Shtatlar harbiy xarajatlari taxminan 778 milliard dollarni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 4,4 foizga o‘sgan.

Bu – butun dunyodagi harbiy sohaga jalb qilingan mablag‘larning 39 foizini tashkil etmoqda.

AQSh harbiy xarajatlarida 7 yillik kamayishdan keyin oxirgi uch yil davomida ketma-ket o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.

«AQSh harbiy xarajatlarining so‘nggi paytdagi o‘sishi, avvalambor, tadqiqot va rivojlantirishga katta sarmoyalar kiritilishi va AQSh yadroviy arsenalini modernizatsiya qilish va keng ko‘lamli qurol-yarog‘ sotib olish kabi uzoq muddatli loyihalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Xitoy va Rossiya singari strategik raqobatchilar tomonidan bo‘layotgan potensial tahdidlar Tramp ma'muriyatini sohaga mablag‘ jalb qilishni oshirishga majbur qilgan», – ta'kidlaydi SIPRI tadqiqotchisi Aleksandra Markshtayner.

Xabar qilinishicha, NATOning deyarli barcha a'zolari 2020 yilda o‘zlarining harbiy xarajatlarini oshirishgan. Tashkilotning 12 ta a'zosi o‘zlarining harbiy xizmatlariga YaIMning 2 foizini yoki undan ko‘proq mablag‘ sarflagan.

Top