21:52 / 30.04.2021
5347
Davlat tashkilotlarida moliyaviy qonunbuzilishlar o‘tgan yilga nisbatan 5,7 baravarga ortdi - Moliya vazirligi

Davlat moliyaviy nazorati departamenti 1-chorakda jami 211,2 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Bu – bir yil oldingiga nisbatan 5,7 barobarga ko‘p.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yil 1-chorakda budjet intizomiga rioya etilishi va budjet mablag‘larining maqsadli foydalanishi yuzasidan 1 905 ta (2020 yil 1-chorakda 1 349 ta) nazorat tadbirida 211,2 mlrd so‘m miqdorida budjet intizomi, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlandi.

Moliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, aniqlangan kamomad va asossiz xarajatlar miqdori 2020 yil 1-choragi bilan taqqoslaganda 5,7 baravarga ortgan.

Xususan, Xalq ta'limi vazirligi tizimida 248 ta nazorat tadbirining 198 tasida 43,3 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2020 yil 1-chorakka (9,4 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 4,6 martaga oshgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida ham 23,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, bu miqdor o‘tgan yilga nisbatan 2,9 martaga oshgan.

Maktabgacha ta'lim vazirligida 41,2 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlangan bo‘lsa, bu o‘tgan yilga nisbatan 7,6 martaga oshganini ko‘rsatadi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 116 ta nazorat tadbirlarining 111 tasida 22,4 mlrd so‘m, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida 16,1 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi (3,3 mlrd so‘m), Jismoniy tarbiya va sport (3 mlrd so‘m), Bandlik va mehnat munosabatlari (2,7 mlrd so‘m), Suv xo‘jaligi (2,5 mlrd so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim (2,2 mlrd so‘m) vazirliklari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (2,7 mlrd so‘m) va ular tizimidagi budjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Mahalliy budjetlar mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 189,1 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilishlar aniqlangan.

Mahalliy budjetlar mablag‘larining maqsadli sarflanishida aniqlangan qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar dinamikasi

Hududlar kesimida raqamlar quyidagicha:

  • Sirdaryo viloyati – 40,2 mlrd so‘m,
  • Jizzax viloyati – 23 mlrd so‘m,
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 21,9 mlrd so‘m,
  • Andijon viloyati – 19,8 mlrd so‘m,
  • Toshkent shahri – 16,5 mlrd so‘m,
  • Toshkent viloyati – 12,1 mlrd so‘m,
  • Qashqadaryo viloyati – 11,4 mlrd so‘m,
  • Surxondaryo viloyati – 8,9 mlrd so‘m,
  • Farg‘ona viloyati – 8,1 mlrd so‘m,
  • Samarqand viloyati – 7,9 mlrd so‘m,
  • Xorazm viloyati – 6,4 mlrd so‘m,
  • Buxoro viloyati – 6 mlrd so‘m,
  • Namangan viloyati – 5,2 mlrd so‘m,
  • Navoiy viloyati – 1,4 mlrd so‘m.

Xabar qilinishicha, budjet qonunchiligini buzgani uchun budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 9 nafar rahbar va boshqa mansabdor shaxslariga ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilib, ko‘rib chiqish uchun Ma'muriy sudlarga yuborilgan.

Shuningdek, 1 458 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 210,1 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Top