16:56 / 03.05.2021
2822
Ichki turizmni rag‘batlantirish uchun 3 yo‘nalishda subsidiyalar miqdori tasdiqlandi

Uzbekistan Airways'ga ichki aviaqatnovlar chipta narxlarining 25 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Turoperator va turagentlar tomonidan mahalliy sayyohlar uchun tashkil etilgan turlarga samolyot va poyezd chiptalari narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan subsidiyalar miqdori belgilandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, avia va temir yo‘l yo‘nalishlariga, jamoaviy chipta narxlari va mehmonxona xizmatlari narxlariga subsidiyalar ajratiladi:

O‘zbekistondagi ichki aviaqatnovlar chipta narxlarining 25 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Turoperator va turagentlar tomonidan mahalliy sayyohlar uchun tashkil etilgan turlarga avia va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

Maxsus komissiya tomonidan subsidiyalanadigan 10ta aviaqatnov yo‘nalishi chipta narxlarining eng yuqori summalari tasdiqlandi. Misol uchun, «Samarqand – Namangan» aviaqatnovidagi chipta narxi 666 782 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, aviatashuvchiga beriladigan subsidiya hisobiga ushbu chipta narxining eng yuqori summasi 500 086 so‘mni tashkil etdi. Chipta turoperator orqali xarid qilinganda esa, uning narxi 425 073 so‘mni tashkil qiladi.

Turoperatorlar va turagentlar tomonidan tur doirasida xarid qilingan «Andijon – Xiva – Andijon», «Termiz – Qarshi – Xiva» va «Termiz – Qarshi – Samarqand» yo‘nalishlari subsidiyalanadigan yo‘nalishlarga kiritildi.

Maxsus komissiya qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 13 apreldagi qarorida nazarda tutilgan jamoaviy chiptalarni sotib olish guruhidagilar soni 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lganda 10 foizli, 25 va undan ortiq kishilik guruh uchun esa 15 foizli chegirmalar ham saqlanib qolindi.

Qaror bilan respublika bo‘ylab joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlarining subsidiyalanadigan eng yuqori (cheklangan) darajasi (summasi) 250 ming so‘m etib tasdiqlandi.

Bunda turoperator va turagent tomonidan respublika bo‘ylab tashkil etilgan tur davomida mehmonxona xizmatining 10 foiz miqdoridagi subsidiyalanadigan eng yuqori summasi 25 ming so‘mdan oshmasligi belgilandi.

Ma'lum qilinishicha, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish to‘g‘risidagi prezident farmoni Farg‘ona vodiysi aholisining Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlariga, ushbu hududlar aholisini esa Farg‘ona vodiysiga sayohat qilishi uchun yangi imkoniyat taqdim etdi.

Yuqoridagi subsidiyalar bo‘yicha to‘lovlar 2021 yil 1 martdan boshlab tashkil etilgan sayohatlar uchun qoplab beriladi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, joriy yil fevral oyida yo‘lga qo‘yilgan «Urganch – Farg‘ona – Urganch» aviayo‘nalishining birinchi oyida samolyotlarning bandligi 43,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, turoperator va turagentlarga yaratilgan qo‘shimcha imkoniyat natijasida samolyotlar bandligi mart oyida 87,9 foizga, ya'ni ikki barobarga oshgan.

Avvalroq, jahon iqtisodiyotida turizmning ulushi ikki baravarga kamaygani ma'lum qilingandi.

Top