16:31 / 04.05.2021
115139
Otabek Sattoriy ishi. Prokuror yakuniy xulosasini aytdi

Bugun, 4 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha sudning so‘nggi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Otabek Sattoriy / Foto: Kun.uz

Sud ishida qatnashayotgan prokuror Sattoriyga 5 ta ish bo‘yicha ayblov qo‘yilganini bildirib, unga 11 yil qamoq jazosi berishni so‘radi.

Prokuror sudlanuvchiga qo‘yilgan 8 ta ayblovdan uchtasini rad etish, beshtasi bo‘yicha uni aybdor deb topishni so‘radi.

Sattoriyni aybdor deb topish so‘ralayotgan birinchi ayblov – uning Termizda uy-joy qurish bilan shug‘ullangan MChJ rahbari To‘lqin Shopo‘latovga bosim o‘tkazib, tovlamachilik bilan 700 million so‘mdan oshiqqa narxlangan ikkita kvartirani olgani holati bo‘yicha. Prokurorning bildirishicha, u aslida Termiz shahrida «snos»ga tushgan onasi va singlisining nomida bo‘lgan uy uchun 234 million so‘m yoki shunga teng bo‘lgan mulk olishi lozim bo‘lgan.

Ikkinchi ayblov – Denov tumani FHDYo bo‘limi sobiq mudirasi Nasiba Norboyevaning qadr-qimmatini yerga uradigan va obro‘sizlantiradigan haqoratli so‘zlar aytilgan videolavhani internetda tarqatganlik holati. Sattoriy o‘z videolavhasida Nasiba Norboyevani poraxo‘r deb atagan. Prokurorning bildirilishicha, Nasiba Norboyevaning poraxo‘rligi surishtiruvlarda o‘z isbotini topmagan.

Uchinchi ayblov – viloyat gaz idorasi xodimlariga nisbatan qilingani aytilayotgan tovlamachilik.

To‘rtinchi ayblov – Sherobod tumanida joylashgan «Chinora Gul baraka» dehqon bozori rahbari Lochin To‘rayevdan narxi ancha arzon bo‘lgan «Redmi 5» telefoni o‘rniga 5 million so‘mdan oshiqroq bo‘lgan «Vivo 50» telefonini tovlamachilik yo‘li bilan olganlik holati.

Beshinchi ayblov – Termiz shahrida joylashgan onkologiya markazining rahbari bilan bog‘liq ish. Prokurorning aytishicha, Sattoriy onkologiya rahbarining qadr-qimmatini yerga uruvchi tuhmat gaplar aytilgan videolavhani internetda tarqatgan.

Prokurorning fikricha, Otabek Sattoriy o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmagani va jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplab bermagani uchun uning ishida yengillashtiruvchi holatlar yo‘q deb hisoblanishi lozim.

Davlat ayblovchisi Jinoyat kodeksining 33-moddasi talablariga asosan, Otabek Sattoriyni JKning 165-moddasi 3-qismi «a» bandi, 139-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlari bilan aybdor deb topish; 165-modda 3-qismi «a» bandi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash, 139-moddasi 3-bandi «a», «g» qismlari bilan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni so‘radi.

Prokuror Otabek Sattoriyga nisbatan JKning 59- va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishini so‘radi.

Bundan tashqari, prokuror bitta 2 xonali va yana bitta 3 xonali kvartirani Otabek Sattoriyga berish haqidagi ayblanuvchi va tadbirkor To‘lqin Shopo‘latov o‘rtasida 2020 yil iyun oyida tuzilgan shartnomani haqiqiy emas deb topib, bekor qilishni va kvartiralarni tadbirkorga qaytarishni so‘radi.

Top