08:07 / 07.05.2021
4514
Markaziy bank esdalik pul belgilarini tayyorlash va sotish tartibi e'lon qilindi
Foto: KUN.UZ

Markaziy bank boshqaruvining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining esdalik pul belgilarini tayyorlash, sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qaror loyihasi “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ishlab chiqilgan.

Nizomda qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar bilan bir qatorda numizmatika, kolleksiyalash maqsadlari uchun boshqa turdagi esdalik pul belgilarini muomalaga chiqarish va ularning muomalada bo‘lishi bo‘yicha talablar belgilanmoqda.

Nizomda esdalik pul belgilari muomaladagi banknotlar va tangalar kabi O‘zbekiston hududida nominal qiymatga ega naqd pul shakldagi qonuniy to‘lov vositasi sifatida, shuningdek nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi numizmatika, kolleksiyalash, investitsiya va jamg‘arish obektlari sifatida muomalada bo‘lishi qayd etilgan.

Shuningdek, nizomda esdalik pul belgilari:

  • banknot va tangalar ko‘rinishidagi inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan turli xomashyolardan, jumladan qimmatbaho va boshqa metallardan tayyorlangan, ahamiyatga molik turli mavzularga bag‘ishlangan, cheklangan miqdorda muomalaga chiqarilishi;
  • mavzusi, tiraji, nominali, texnik xususiyatlari, xomashyosi, metalli va qotishmalari turi, ularning asillik darajasi, muomalaga chiqarish sanasi Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanishi;
  • ularning dizayni va namunalari Senat kengashi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi kabi talablar belgilangan.

Loyiha Markaziy bank tomonidan ishlab chiqildi.

Top