23:15 / 11.05.2021
13257
G‘azo sektori va Isroil bir-biriga yuzlab raketalar bilan zarba berdi

Falastin anklavi hisoblangan G‘azo sektoridan Isroil tomon 24 soat ichida 630ta raketa uchirildi. Isroilning javob zarbalari oqibatida kamida 28 falastinlik halok bo‘ldi. 

Foto: Hatem Moussa/AP

Isroil armiyasining xabar berishicha, mamlakat tomon otilgan raketalardan 200tasi «Temir gumbaz» havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi bilan urib tushirilgan, 150tasi G‘azo sektorining o‘ziga tushgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu zarbalar oqibatida 2 nafar isroillik ayol halok bo‘lgan. Shundan keyin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS «qizil chiziqdan o‘tgani» va harakatning obektlariga zarbalar kuchaytirilishini aytgan.

Isroil harbiylari falastinliklarning hujumlariga javoban 11 mayga o‘tar kechasi G‘azodagi 130ta obektni nishonga olgan. Jumladan, aholi yashaydigan turar joylar, HAMAS batalonlari qo‘mondoni uyi va harbiy razvedkasi bosh qarorgohi, o‘q-dori ishlab chiqariladigan joylari, harbiy majmualari hamda jangarilar qo‘llagan ikkita tunnel zarbaga uchragan.

Isroil zarbalari oqibatida G‘azo sektorida 28 falastinlik, jumladan, 10 bola halok bo‘lgan.

Avvalroq HAMAS harakati Isroil harbiylari va falastinliklar o‘rtasida davom etayotgan to‘qnashuvlar ortida Isroilga Quddusdagi Ibodatxona tog‘i va Shayx Jarroh dahasidan xavfsizlik kuchlarini olib chiqish talabini qo‘ygandi. Aks holda harakat Isroilga qarshi hujumlar sodir etishi bilan tahdid qilgan.

Quddusning eski shahrida Isroil harbiylari va falastinliklar orasidagi to‘qnashuvlar 22 aprelda boshlangan. Bunga Isroil sudining Shayx Jarrohdan bir necha falastinlik oilani chiqarib yuborish qarori sabab bo‘lgan.

10 mayda to‘qnashuvlar davom etib, 305 nafar falastinlik jarohat olgandi.

Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Top